1

Propiskasi boshqa hududda bo`lganlar saylovda qanday ovoz beradi?

Siyosat 03.12.2019, 19:30
Teglar: propiska, saylov, fuqaro
Propiskasi boshqa hududda bo`lganlar saylovda qanday ovoz beradi?

Bugun O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasisi navbatdagi tadbirni o`tkazdi. 

O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi M.Abdusalomov o`tgan yig`ilishlarda O`zbekistonning  Rossiya Federasiyasi, Xitoy Xalq Respublikasi, AQSh, Koreya Respublikasi kabi mamlakatlardagi elchixonalari tomonidan  saylovlarga tayyorgarlik ko`rish va ularni o`tkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlar batafsil muhokama qilinganini aytib o`tdi. Xuddi shunday saylovga tayyorgarlik ishlari boshqa mamlakatlarda ham olib borilayotganini ta`kidladi. 

Yig`ilishda Anqara shahridagi O`zbekiston elchixonasi bilan o`rnatilgan bevosita videokonferens aloqa orqali O`zbekistonning Turkiya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher A`zamxo`jaevning axboroti tinglandi. U elchixona tomonidan Turkiyaning poytaxti - Anqara hamda Istanbul shaharlarida saylov uchastkalari ochilgani, ularda ovoz beradigan o`zbekistonlik saylovchilar ro`yxatini tuzish ishlari izchil davom ettirilayotganini aytib o`tdi

Markaziy Saylov komissiyasi raisining o`rinbosari Mahmud Istamov 2019 yil 22 dekabrda saylovlarda ilk bor mamlakat miqyosida Saylovchilarning yagona elektron ro`yxati va Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi amalda qo`llanilayotgani haqida axborot berdi.

Unga ko`ra, saylovchining qaysi saylov uchastkasi bo`yicha (doimiy yoki vaqtincha propiska (hisobda turish) joyi bo`yicha) saylovchilar ro`yxatiga kiritilishi uchastka saylov komissiyasi o`tkazadigan uyma-uy yurish natijalariga ko`ra aniqlanadi.

Bunda, saylov uchastkasi hududida vaqtinchalik yashayotgan fuqarolar bo`lsa, ularning ovoz berish kuni ushbu hududda bo`lishi yoki bo`lmasligi o`zaro suhbat chog`ida uchastka saylov komissiyasi a`zosi tomonidan aniqlanadi va saylovchini vaqtincha yashab turgan joyi bo`yicha saylovchilar ro`yxatiga kiritish masalasi hal etiladi.

Saylov uchastkasi hududida vaqtinchalik yashayotgan fuqarolar bilan shaxsan suhbat qurish imkoniyati bo`lmasa, ular vaqtincha yashash joyidagi saylov uchastkasi saylovchilar ro`yxatiga kiritilmaydi.

Agar saylovchi yashab turgan joyi bo`yicha hisobga olingan bo`lmasa (propiskada turmasa), vaqtincha yashash joyidagi saylov uchastkasi bo`yicha saylovchilar ro`yxatiga kiritilishi va ovoz berishi mumkin.

Bunda saylovchi yashab turgan joyidagi saylov uchastkasi bo`yicha ro`yxatga kiritilishi uchun shu hududdagi uchastka saylov komissiyasiga saylovga kamida uch kun qolgunga qadar (19 dekabrgacha) murojaat qilishi mumkin.

Fuqaro haqiqatan saylov uchastkasi joylashgan hududda vaqtincha yashayotganligini qo`shimcha hujjatlar (vaqtincha yashash ma`lumotnomasi va boshqalar) bilan tasdiqlashni talab qilishga yo`l qo`yilmaydi.

Uchastka saylov komissiyasi fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida saylovchining qaysi saylov uchastkasi bo`yicha ro`yxatga kiritilganligini saylovchilarning yagona elektron ro`yxatidan izlab topadi va muddatidan oldin ovoz bergan yoki bermaganligini aniqlashtiradi. Muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalanmagan saylovchilargina haqiqatan vaqtincha yashash joyidagi saylov uchastkasi bo`yicha saylovchilar ro`yxatiga kiritilishi mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1