Xalqaro boks federasiyasi (IBF) professional bokschilarning noyabr oyi uchun yangilangan reytingini e`lon qildi. Bu haqda GoSport.uz internet-nashri muxbiri xabar bermoqda.
E`lon qilingan yangi reytingda yarim o`rta (-66,68 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Qudratillo Abduqahhorov (17-0, 9 KO) o`z vaznida rasman birinchi raqamli da`vogar nomini saqlab qoldi. Eslatib o`tamiz, u 30 mart kuni yaponiyalik Keita Obarani (21-4-1, 19 KO) ochkolar hisobiga mag`lubiyatga uchratgan va buning evaziga mart oyi uchun reytingda peshqadamga aylangandi. Abduqahhorov ayni vaqtda WBC reytingida beshinchi, WBO reytingida esa 10-o`rinni egallab turibdi.
Super engil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan boshqa bir o`zbekistonlik bokschi Shohjahon Ergashev (17-0, 15 KO) mazkur yo`nalish reytingida sentyabr oyida bo`lgani 6-o`rindan joy oldi. Super engil vazn toifasining yana bir vakili Shahram G`iyosov (9-0, 7 KO) ham o`tgan oydagi kabi 15-o`rinda qayd qilindi. Shohjahon Ergashev ayni vaqtda WBA reytingida oltinchi, WBO reytingida o`n birinchi, WBC reytingda esa 28-o`rinda bormoqda. O`z navbatida Shahram G`iyosov WBA reytingida ettinchi, WBC reytingida esa 22-o`ringa joylashib olgan.
IBF reytingidan o`zbekistonlik boshqa bokschilar o`rin olishmagan.