AsosiyJamiyat

Prezident Islom Karimov AQSh elchisidan ishonch yorlig`ini qabul qilib oldi

Prezident Islom Karimov 27 yanvar kuni Oqsaroyda Amerika Qo`shma Shtatlarining O`zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan Pamela Spratlendan ishonch yorlig`ini qabul qilib oldi, deya xabar qiladi O`zA.
Suhbat chog`ida mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni yanada mustahkamlash istiqbollari, dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalar muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari elchini ushbu vazifaga tayinlangani bilan tabriklab, uning mas`uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.
Elchi AQSh va O`zbekiston o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini yuksak baholadi.
Uchrashuvda ta`kidlanganidek, o`zaro manfaatli va samarali munosabatlarni kengaytirish, jumladan, savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun mavjud salohiyatni to`la ishga solish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni tashkil etishga tomonlar alohida ahamiyat beradi.
Toshkent shahrida 2014 yil oxirida ikki mamlakat tashqi siyosat mahkamalari o`rtasidagi maslahatlashuvlar, Amerika – O`zbekiston savdo palatasi vakillari hamda mamlakatimiz ishbilarmonlari ishtirokida o`tgan biznes-forumda o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar madaniy-gumanitar sohalardagi aloqalarga oid masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

 

    Boshqa yangiliklar