Butun mavsum davomida Superliga uchrashuvlarini kuzatib, tahlil qilib borgan, PFL bilan hamkorlikda oy laureatlarini aniqlagan, har turdan keyin tur ramziy jamoasini e`lon qilib borgan Tribuna.uz sayti 2019 yilgi chempionat yakunlariga ko`ra, mavsum ramziy jamoasini tuzdi:
Darvozabon:
O`tkir Yusupov
Klubi: «Navbahor»
O`yinlari soni: 24
Superliga-2019ning eng yaxshi posboni bo`lish uchun da`vogarlar orasidan «Navbahor» posboni O`tkir Yusupovni tanladik. Namanganliklar posboni etakchi klublar darvozabonlari Eldor Suyunov, Sanjar Quvvatov, Javohir Ilyosov, Murod Zuhurov, Ignatiy Nesterov va qolgan darvozabonlardan eng ko`p – 24 ta o`yin o`tkazib, eng kam – 19 ta gol o`tkazdi. Shu bilan birga 2 marta penaltini qaytarishga muvaffaq bo`ldi. 28 yoshli O`tkir Yusupov darvozabon bo`lishiga qaramay, mavsum davomida «Navbahor»ning etakchilaridan biri bo`la oldi.
Himoyachilar:
Hojiakbar Alijonov
Klubi: «Paxtakor»
O`yin va gollari soni: 21 o`yin, 1 ta gol
Chempionlikka erishgan «Paxtakor» asosiy tarkibidagi eng yosh futbolchi Hojiakbar Alijonov mavsum kashfiyotlaridan biri bo`ldi. 22 yoshli himoyachi nafaqat OChL va milliy jamoada, balki Superligada ham ajoyib o`yinlar namoyish etdi. Hojiakbar nafaqat himoyada balki hujum tashkil etishda ham o`ng qanotda Arveladze uchun muhim figuraga aylana oldi. Bitta gol urish bilan birga jamoasining qator gollariga assitentlik ham qildi.
Islom To`xtaxo`jaev
Klubi: «Lokomotiv»
O`yin va gollari soni: 24 o`yin, 5 gol
«Temiryo`lchilar» sardori Islom To`xtaxo`jaev bu mavsumni ham yuqori darajada o`tkaza oldi. 30 yoshli futbolchi «Lokomotiv»ning 2-o`rin bilan OChLga yo`llanma olishiga katta hissa qo`shdi. Islom bu yilgi o`yinlar soni bo`yicha jamoada Anzur Ismoilovdan keyingi o`rinda joy olgan bo`lsa-da, himoyachi bo`lishiga qaramay, 24 o`yinda 5 marta raqiblar darvozasini ishg`ol etib, jamoasiga muhim ochkolarni taqdim etdi. Eng muhimi, «Lokomotiv» mavsumda eng kam gol o`tkazib yuborgan jamoa bo`ldi – 16 ta gol.
Darko Stanoevich
Klubi: «Surxon»
O`yin va gollari soni: 25 o`yin, 3 gol
Turnir debyutanti «Surxon» jamoasining mavsumni muvaffaqiyatli o`tkazishiga legionerlardan iborat himoya qo`rg`onining hissasi katta. Termiz klubining 6-o`rinni egallashi va Superligada bu jamoa darvozasi tomon umuman penalti belgilanmaganligiga markaziy himoyadagi serbiyalik Stanoevich-Bubanya juftligining o`rni katta. Ayniqsa, Darko Stanoevich eng qiyin pallalardagi muhim uchta goli va harakatlari bilan jamoa joniga oro kirdi. Klubi safida mavsumda eng ko`p o`yin o`tkazgan futbolchi bo`ldi.
Stanislav Andreev
Klubi: «Metallurg»
O`yin va gollari soni: 25 o`yin, 5 gol
Chap qanot himoyasida «Paxtakor» vakili Farrux Sayfiev bosh da`vogar bo`lsa-da, Superligada undan samaraliroq yana bir chapaqay himoyachi bor edi, bu – Stanislav Andreevdir. Bekobod klubi safida kuchli beshlikdan o`rin olgan Stas butun mavsum davomida jamoasi safida eng ko`p o`yin o`tkazib, 5 marta raqiblar darvozasini ishg`ol etdi, 3 marta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Yarim himoyachilar
Kaxi Maxaradze
Klubi: «So`g`diyona»
O`yin va gollari soni: 26 o`yin, 5 gol
Ulug`bek Baqoev qo`l ostida Jizzax jamoasi kutilmaganda OChL yo`llanmasi uchun kurash olib borgan bo`lsa-da, yakunda 4-o`rin bilan cheklandi. Bu ham «So`g`diyona» uchun katta yutuq, aslida. Jamoa muvaffaqiyatiga gruziyalik legioner Kaxi Maxaradzening hissasi katta bo`ldi. Bo`ydor yarim himoyachi butun mavsum davomida jamoasining barcha o`yinlarida maydonga tushgan yagona futbolchi bo`lib, 26 uchrashuvda 5ta gol urishga erishdi, 4ta golga hammualliflik qildi.
Nurillo To`xtasinov
Klubi: «Bunyodkor»
O`yin va gollari soni: 24 o`yin, 6 gol
22 yoshli futbolchi o`tgan mavsum Sergey Lushan qo`l ostida «So`g`diyona» safida maydonga tushib muxlislarga tanila boshlagan bo`lsa, bu yil Vadim Abramov boshqaruvida mavsum kashfiyotlaridan biriga aylandi. Yarim himoyachi 24 o`yinda maydonga tushib, jamoasining 6ta muhim goliga mualliflik qildi, 5 marta golli uzatmani amalga oshirdi. «Qaldirg`ochlar» bilan OChLga yo`llanma olgan futbolchi butun mavsum davomida Abramovning maydon markazidagi «ijodkor», hujumlarni tashkil etuvchi «motor»ga aylana oldi.
Xurshid G`iyosov
Klubi: «Bunyodkor»
O`yin va gollari soni: 25 o`yin, 12 gol
«Bunyodkor» safida besh mavsumdan buyon to`p surayotgan Xurshid G`iyosov uchun 2019 yilgi mavsum faoliyatidagi eng yaxshisi bo`ldi. Hujumkor yarim himoyachi Vadim Abramov qo`l ostida yangi qirralarini namoyish etdi, jamoasining muhim futbolchisiga aylanib, 12 ta goli bilan to`purarlar ro`yxatiga qo`shildi. Aynan uning goli amaldagi chempion «Paxtakor»ning mavsumdagi yagona mag`lubiyati bilan yakunlandi. 24 yoshli futbolchi mavsum davomida «Bunyodkor» safida etakchilik qilib, klubi bilan OChL yo`llanmasiga ega chiqdi.
Jaloliddin Masharipov
Klubi: «Paxtakor»
O`yin va gollari soni: 25 o`yin, 4 gol
Mavsumning eng yaxshi futbolchilaridan biriga aylangan Jaloliddin Masharipov «Paxtakor»ning bir mavsumning o`zida uchta sovringa ega chiqishiga katta hissa qo`shdi. 26 yoshli hujumkor yarimhimoyachi 25 o`yinda maydonga tushib, 4 ta golga mualliflik qilgan bo`lsa-da, golli uzatmalar muallifi sifatida Masharipovga Superligada hech kim teng kela olmaydi. Jaloliddin Superligadagi 25 o`yinda 16 marta jamoadoshlarining goliga assitentlik qilgan bo`lsa, 7 marta penalti ishlashga muvaffaq bo`lgan. Ajoyib natija.
Hujumchilar:
Dragan Cheran
Klubi: «Paxtakor»
O`yin va gollari soni: 24 o`yin, 23 gol
«Paxtakor»ning legioner hujumchisi Dragan Cheran 2019 yilgi Superliganing eng yaxshi futbolchisi nomiga da`vogarlik qilishi aniq. 32 yoshli serbiyalik goleador ushbu mavsumda chempionatning aksariyat klublaridan ko`proq – 23 ta gol urishga erishib, eng yaxshi to`purarga aylandi. Cheran jamoasining qator gollariga ham hammualliflik qildi.
Humoyun Murtazoev
Klubi: «Nasaf»
O`yin va gollari soni: 26 o`yin, 14 gol
«Nasaf» hujumchisi Humoyun Murtazoev 14ta goli bilan to`purarlar ro`yxatida Igor Sergeev va Zafar Polvonovlardan keyingi o`rinda joy olgan bo`lsa-da, 27 yoshli forvard mavsum davomida qarshiliklarning etakchisiga aylana oldi va muhim gollarga mualliflik qildi. Qolaversa, 2018 yilgi mavsumda Pro-ligada to`p surgan Humoyunning «Nasaf» safidagi dastlabki yilida Superligada to`purarlar safiga qo`shilgani sabab aynan Murtazoev yil ramziy jamoasidan o`rin oldi.
Zaxira tarkib: Javohir Ilyosov (Lokomotiv), Dilshod Saitov (Nasaf), Anzur Ismoilov (Lokomotiv), Murod Xolmuhammedov (Qo`qon-1912), Farrux Sayfiev (Paxtakor), Sanjar Qodirqulov (Bunyodkor), Jamshid Iskanderov (Lokomotiv), Shavkat Salomov (Surxon), Dostonbek Hamdamov (Paxtakor), Zafar Polvonov (OKMK), Igor Sergeev (Paxtakor)
Bosh murabbiy: Shota Arveladze
Superliganing eng yaxshi murabbiyi bo`lish uchun Shota Arveladze, Vadim Abramov, Ulug`bek Baqoev da`vogarlik qilgan bo`lishsa-da, ular orasidan gruziyalik murabbiyni ramziy jamoaga kiritdik. Har holda O`zbekistondagi uchta sovringa ham ega chiqqan mutaxassisni tanlamaslik adolatdan bo`lmasdi. Aynan uning qo`l ostida «Paxtakor» o`z o`yin uslubiga ega bo`lib, mamlakat futbolining yaqqol bayroqdoriga aylandi.