Bugun, 10 dekabr kuni O`zbekiston Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi bo`lib o`tdi. Unda Senatning yigirma beshinchi yalpi majlisini joriy yil 14 dekabr kuni chaqirish to`g`risida qaror qabul qilindi.
Senat axborot xizmati xabariga ko`ra, yalpi majlisda senatorlar bir qator qonun hujjatlari hamda muhim masalalarni muhokama qiladi.
- “O`zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi to`g`risida”gi,
- “O`zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining qabul qilinishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun xujjatlarini o`z kuchini yo`qotgan deb topish to`g`risida”gi,
- “Davlat boji to`g`risida”gi,
- “Investisiyalar va investisiya faoliyati to`g`risida”gi,
- “Maxsus iqtisodiy zonalar to`g`risida”gi,
- “O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to`g`risida”gi,
- “Maktabgacha ta`lim va tarbiya to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidan.
Bundan tashqari, senatorlar tomonidan Surxondaryo viloyati Termiz tumanining chegarasini o`zgartirish, Termiz shahrining chegarasini kengaytirish hamda ularning chegaralarini tasdiqlash to`g`risidagi masala ham ko`rib chiqiladi.
Hisobotlar ham eshitiladi
Yalpi majlisda Adliya vazirining davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo`llash amaliyotining holati to`g`risidagi axboroti, shuningdek, Navoiy viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti eshitiladi.
Parlament so`rovi natijasi muhokama qilinadi
Senatorlar suv ob`ektlariga oqindi suvlarni oqizish bilan bog`liq muammolar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so`rovi natijalarini ham muhokama qiladi.