1

Dilmurod Mirsaidov: "Qo`qon shamoli"da Qo`qondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar aks etgan"

Madaniyat 17.12.2019, 11:36
Teglar: Qo`qon shamoli, O`zbekkino
Dilmurod Mirsaidov: "Qo`qon shamoli"da Qo`qondagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlar aks etgan"

“Dilshoh media” kinostudiyasi rahbari, prodyuser Mahmud Erkaboev va rejissyor Dilmurod Masaidov tomonidan suratga olingan “Qo`qon shamoli” tarixiy filmi ko`pchilikda qiziqish uyg`otmoqda. Film rejissyori Dilmurod Masaidov filmni yaratish g`oyasi haqida gapirdi:

– Yoshligimdan tarix, adabiyot fanlariga qiziqishim juda baland bo`lgan, a`lo baholarga tahsil olganman. Shu bois tarixiy asar yaratish mening orzum edi. Bir necha yillar oldin Sohibqiron Amir Temur haqida kino olishni niyat qilganman. Ammo ayrim sabablarga ko`ra, niyatim amalga oshmay qolgan. Keyinchalik «O`zbekkino» Milliy agentligi vakillari bir ssenariyni qo`limga tutqazishdi. Bu – «Aybsiz aybdor yoxud Amiriy» nomli ssenariy edi. O`qib chiqqach, u menga yoqib qoldi va kino olishga kirishdim.  

Jarayonda nomini «Qo`qon shamoli» deya o`zgartirdik. Sababi, Qo`qon tarixida ayni shunday atama bor: Qo`qondagi ijtimoiy-siyosiy davrga «Qo`qon shamoli», deya ta`rif berilgan.  

Filmmda 1809 yillarda Qo`qon xonligidagi ijtimoiy-siyosiy holat, Qo`qon xoni Amir Olimxon o`ldirilib, uning ukasi Umarxonning taxtga kelishi voqealari aks etgan. Shuningdek, kartina o`sha davr Qo`qon xonligidagi tahlikali vaziyat, saroydagi fitna-fasod, g`arazliklar va ularga qarshi kurashgan ezgu niyatli kishilar taqdiridan hikoya qiladi.  

Kartinaga bosh rol ijrochilarini tanlashda yangi qiyofalarni topishga intildik. Umarxon obrazini yaratgan Ilhom Berdiev hamda Mohlaroyim obraziga tanlangan Rayhon Asadova, o`ylaymanki, biz kutgan yangi qiyofani yarata olishdi. Ammo ular bu filmga qadar ko`p ham bosh rollarni ijro etishmagan.  

2018 yilning iyul oylarida ijodiy jamoani tuzib, ish boshlagan bo`lsak, mana, bir yildan ortiqroq muddatda kino tayyor bo`ldi. Katta jamoa bo`lib, qattiq mehnat qildik. Umuman, kamchiliklardan xoli, dunyoning eng oldi kinosi bo`ldi, deyish fikridan yiroqman. Hattoki, tasvirga olish jarayoni tugagach, ba`zi kadrlarni kinodan qirqib ham oldik. Tomoshabinga ishimizning eng mukammal nuqtalarini taqdim etishga harakat qildik.

QIZIQ FAKT: Filmdagi Nodirabegim roli uchun ellikdan ortiq, Amir Umarxon roli uchun o`ttizdan ortiq, Amir Olimxon roli uchun esa o`ttizga yaqin aktyor va aktrisalar kasting topshirgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1