1

Jahongir Artikxodjaev Nagoya shahri meri Takashi Kavamura bilan uchrashdi

Siyosat 17.12.2019, 12:00
Jahongir Artikxodjaev Nagoya shahri meri Takashi Kavamura bilan uchrashdi

O`zbekiston Respublikasi delegasiyasining Yaponiyaga tashrifi doirasida Toshkent shahrining hokimi Jahongir Artikxodjaev Nagoya shahrida shahar meri Takashi Kavamura bilan uchrashdi.

Uchrashuvda janob Takashi Kavamura O`zbekistondagi samimiy va do`stona qabul uchun minnatdorlik bildirdi va Toshkent bilan turli sohalarda o`zaro manfaatli hamkorlikni olib borishdan mamnunligini aytib o`tdi.

Ta`kidlash joiz, mazkur tashrif davomida ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan qator hujjatlar imzolanishi ko`zda tutilgan.

Xususan, Toshkent va Nagoya o`rtasida o`zaro hamkorlikka oid shartnoma imzolanishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, ikki shahar o`rtasidagi munosabatlarning keyingi bosqichida shahar qurilishi, infratuzilmani rivojlantirish, transport, turizm, ilmiy-texnika va sog`liqni saqlash sohasidagi keng ko`lamli loyihalarni birgalikda amalga oshirilishi ham ko`zda tutilgan.

Shuningdek Jahongir Artikxodjaev Nagoya shahar Assambleyasi raisi Xiroshi Niua bilan uchrashdi. 

O`zaro muloqot davomida ikki tomon ham shahar deputatlari Kengashining faoliyatiga to`xtalib o`tdi.

Uchrashuv davomida Xiroshi Niua Nagoya shahar Assambleyasi tarkibida O`zbekiston bilan do`stlik ligasi tashkil etilganligini mamnuniyat bilan qayd etdi va unga Assamleyaning 68 nafar vakilidan 35 nafari a`zo bo`lib kirganligini ma`lum qildi.

Tomonlar Toshkent shahar deputatlar Kengashi va Nagoya shahar Assambleyasi o`rtasida do`stlik aloqalarini o`rnatish va rivojlantirish bo`yicha kelishuvga erishdilar.

Jahongir Artikxodjaev Assambleya raisini a`zolari bilan birga Toshkent shahriga taklif qildi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abening taklifiga binoan 17 dekabr kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo`nab ketdi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1