1

Toshkentda xarid munosabatlari sohasida xorij tajribasi o`rganildi

Siyosat 19.12.2019, 19:29
Toshkentda xarid munosabatlari sohasida xorij tajribasi o`rganildi

Joriy yilning 18 dekabr kuni Toshkentda Adliya vazirligi tashabbusiga ko`ra hamkor tashkilotlar bilan birgalikda xarid munosabatlari bo`yicha xorij tajribasi va davlat xaridlari bo`yicha qonunchilikda mazkur tajribani qo`llash masalalari bo`yicha seminar tashkil etildi. 

Seminarni o`tkazishdan asosiy maqsad xarid qilish tartib-taomillari, shuningdek yirik transmilliy kompaniyalarning xarid munosabatlari sohasidagi xalqaro tajribani har tomonlama va atroflicha o`rganish natijasida to`g`ridan-to`g`ri amal qiluvchi qonunni ishlab chiqish hisoblanadi. 

            Seminar ishida bir qator xorijiy mutaxassislar, vazirlik va idoralar, xo`jalik boshqaruvi organlarining vakillari hamda boshqalar ishtirok etdilar. 

            Qayd etilganidek, O`zbekiston Respublikasida 2018 yilning aprel oyida davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi asosiy yagona hujjat “Davlat xaridlari to`g`risida”gi Qonun qabul qilingan. Mazkur Qonun qabul qilinmasdan avval davlat xaridlari sohasidagi munosabatlar 30 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar orqali tartibga solinar edi.

            Shu sababli davlat xaridlari tizimining yaxlitligi yo`q edi, natijada mazkur sohada ko`plab huquqiy kolliziyalar kelib chiqdi. Ko`p bosqichli kelishuvlar va bir-birini takrorlovchi jarayonlar ortiqcha vaqt sarflanishiga hamda mazkur sohada korrupsiyaning vujudga kelishiga sabab bo`ldi.

            Davlat xaridlari bo`yicha maxsus axborot portali – xarid.uz yaratildi. Unda davlat xaridlari sohasidagi qonun hujjatlari va ushbu sohada beriladigan ko`plab savollarga javob topish mumkin. 

            Davlat xaridlari tartib-taomillarini yanada takomillashtirish maqsadida ushbu sohani va bu bo`yicha ilg`or tajribani o`rganish davom etmoqda, unga muvofiq yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu Qonunni yangi tahrirda tayyorlashdan asosiy maqsad davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlari jarayonlariga tadbirkorlik sub`ektlarini keng jalb qilish hamda ushbu jarayonlarda ochiqlik va shaffoflikni ta`minlashga qaratilgan qoidalarni belgilashdir.

            Seminar davomida davlat xaridlari to`g`risidagi qonunchilikni takomillashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Bundan tashqari, ishtirokchilar xarid qilish tartib-taomillari xorij tajribasi va uni qo`llash masalalari haqida fikr almashildi. 

O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining vakili seminar ishtirokchilarini yangi tahrirdagi “Davlat xaridlar to`g`risida”gi Qonun loyihasida nazarda tutilayotgan asosiy o`zgarishlar bilan tanishtirdi. 

Seminar yakunida ishtirokchilar xarid jarayonlarini boshqarish va tashkil etish sohasida tajriba almashish bo`yicha hamkorlikni davom ettirish istagini bildirdilar.

 

Adliya vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1