1

Saylovlarda qaysi partiya nomzodlari ko`p ovoz to`pladi?

Siyosat 23.12.2019, 21:13
Saylovlarda qaysi partiya nomzodlari ko`p ovoz to`pladi?

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlarida chet el bilan birga hisoblaganda 13 963 627 nafar saylovchi ishtirok etdi va bu saylovchilar umumiy sonining 67,8 foizidan iboratdir. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi raisi M. Abdusalomov matbuot anjumanida ma`lum qildi.

150 ming saylovchi muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandi. 

Saylovlarda birinchi marta xorijda istiqomat qilayotgan barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoniyati yaratildi. Avvallari faqat konsullik vakolatxonalaridan rasman ro`yxatdan o`tgan O`zbekiston fuqarolarigina saylovlarda qatnashardi.  Qirqqa yaqin mamlakatda tashkil etilgan ellik beshta saylov uchastkasida  112 411 saylovchi ovoz berdi.

Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov o`tkazuvchi 150 saylov okrugining 128 tasida deputatlar saylandi. Shu jumladan,

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O`zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan – 43 nafar,

O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan – 35 nafar,

O`zbekiston “Adolat” sosial-demokratik partiyasidan – 21 nafar,

O`zbekiston Xalq demokratik partiyasidan – 18 nafar,

O`zbekiston Ekologik partiyasidan – 11 nafar deputat saylandi. 

Saylov kodeksiga ko`ra, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko`pining ovozini, ya`ni 50 foizdan ortiq ovoz olgan nomzod deputat etib saylangan, deb hisoblanadi. 

Qonunchilik palatasiga saylov o`tkazuvchi 22 okruglarda nomzodlarning birontasi ham etarli miqdorda ovoz ololmaganligi sababli mazkur okruglardan deputat saylanmadi. 

Saylov kodeksining 59-moddasiga asosan, agar Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari saylovida saylov okrugi bo`yicha ikki nafardan ortiq nomzod qo`yilgan bo`lsa-yu, ulardan hech biri saylanmasa, okrug saylov komissiyasi eng ko`p ovoz olgan ikki nafar nomzod bo`yicha okrugda takroriy ovoz berishni o`tkazish haqida qaror qabul qiladi va bu haqda tegishli saylov komissiyasini hamda okrug saylovchilarini xabardor etadi. Takroriy ovoz berish ikki haftalik muddatda o`tkaziladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1