1

Prezident grant mablag`laridan samarali foydalanish masalalarini ko`rib chiqdi

Siyosat 25.12.2019, 19:47
Prezident grant mablag`laridan samarali foydalanish masalalarini ko`rib chiqdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 25 dekabr kuni grant mablag`larini faol jalb etish va ulardan samarali foydalanish masalalariga bag`ishlangan yig`ilish o`tkazdi. 

Mamlakatimizda aholining ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yaxshilash, shu maqsadda grantlar, texnik ko`mak va boshqa tashqi beg`araz ko`mak mablag`larini jalb etish, xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va jamg`armalar bilan aloqalarni rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 10 oktyabrdagi “Tashqi beg`araz ko`mak mablag`larini jalb etish mexanizmlarini va donorlar bilan ishlashni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni asosida bu borada yangi vertikal tizim yaratildi. Grantlarni koordinasiya va monitoring qilish, donorlar bilan ishlash bo`yicha Investisiya va tashqi savdo vazirligi vakolatli organ etib belgilandi, vazirlikda yangi departament tashkil etildi.

Yig`ilishda hozirgacha mavjud bo`lgan kamchiliklar ko`rsatib o`tildi. Masalan, hozirda respublika bo`yicha 667 million dollar grant hisobiga 160 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Lekin ushbu loyihalar holati, mablag`larni o`zlashtirish samarasini baholash, maqsadli ishlatish ustidan nazorat mexanizmi yo`q. Grantlar hisobiga ishga tushirilgan ob`ektlar va uskunalardan, loyihalar doirasida orttirilgan tajribadan samarali foydalanilmayapti. Ilm-fan, innovasiya, ekologiya kabi sohalarga grantlar kam jalb etilayapti.

Shu bois grant mablag`larini faol jalb etish va ulardan samarali foydalanish bo`yicha navbatdagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.

Har bir ustuvor soha va tarmoq bo`yicha yangi grant mablag`larini jalb etish bo`yicha topshiriqlar berildi. Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligiga grantlar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalarning natijadorligini baholash bo`yicha yangi tizim yaratish vazifasi qo`yildi. 

Tashqi ishlar vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligiga xorijdagi vakolatxonalar bilan birgalikda xalqaro donor tashkilotlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo`yicha topshiriqlar berildi. 

Sog`liqni saqlash vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo`mitasi, Qishloq xo`jaligi vazirligi 2020 yilda grantlar jalb etish bo`yicha “yo`l xaritalari” ishlab chiqishi, bu mablag`lar ustuvor maqsadlarga va aniq loyihalarga yo`naltirilishi zarurligi ta`kidlandi. 

Misol uchun, sog`liqni saqlash tizimi bo`yicha onkologiya, bolalar xastaliklari va ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar, laboratoriyalar tashkil etish kabi ustuvor yo`nalishlarga Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti, JAYKA, KOIKA kabi donorlar mablag`larini jalb qilish mumkin. 

BMTning Orolbo`yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo`yicha ko`p tomonlama sheriklik asosida Trast fondiga ham grantlar kelishini ko`paytirish bo`yicha ham ko`rsatmalar berildi.

Beg`araz yordam hisobiga xorijiy mutaxassislar va volontyorlarni jalb etish ko`lamini kengaytirish, ular bilan doimiy muloqot olib borib, tajribasidan foydalanish muhimligi ta`kidlandi. 

Yig`ilishda muhokama qilingan masalalar bo`yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1