Qoraqalpog`iston Respublikasi To`rtko`l tumanida To`rtko`l, Beruniy, Ellikqal`a tumanlari muqobil mashina-traktor parki mutaxassislari, fermer xo`jaliklari rahbarlari ishtirokida texnikalarni bahorgi ekish mavsumiga tayyorlash ishlariga bag`ishlangan ko`rgazmali seminar bo`lib o`tdi.
O`zA xabar qilishicha, tadbir doirasida ishtirokchilar tumandagi “Qosim Nurimbetov” muqobil mashina-traktor parkida texnikalarni bahorgi ekish mavsumiga tayyorlash bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
– Qishloq xo`jaligida ishlatiladigan barcha texnika va mexanizmlar, tirkamalar mashina-traktor parkida ta`mirlanmoqda, – deydi ushbu MTP texnika muhandisi Obod Xo`jaev. – Hozirga qadar ekish mavsumida foydalaniladigan barcha tirkamalar ta`mirlanib, taxt holga keltirildi.
To`rtko`l tumanida joriy yilda 14 ming 850 gektar maydonda dehqonchilik qilish rejalashtirilgan bo`lib, bahorgi ekish mavsumida 3 mingga yaqin texnikadan foydalaniladi. Ayni paytda 3 ming gektar erdagi g`allaning har gektariga 5 ming tonnadan mahalliy o`g`it chiqarish ishlari qizg`in davom etmoqda.
Qoraqalpog`iston Respublikasi iqlim sharoitida erning sho`rini yuvish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu kunga qadar tumanda 4 ming gektar er maydonining sho`ri yuvildi.
Seminarda mutaxassislar tomonidan bahorgi ekish mavsumida foydalaniladigan texnika va mexanizmlarni ta`mirlash, dehqonchilikdagi muhim agrotexnik qoidalarga rioya etish borasida tavsiyalar berildi.





