1

Navoiyda polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirildi

Siyosat 28.12.2019, 16:17
Navoiyda polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirildi

«Navoiyazot» aksiyadorlik jamiyatida 28 dekabr kuni Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi ishga tushirildi.

Shu munosabat bilan o`tkazilgan marosimda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari yig`ilganlarni yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan tabriklab, ushbu loyihaning ro`yobga chiqishiga hissa qo`shgan quruvchi va kimyogarlarga hamda chet ellik hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

- Bunday muhim, zamonaviy va innovasion loyihalar Navoiy viloyati iqtisodiyoti va uning «lokomotivi» bo`lgan sanoat sohasini yangilash, qo`shimcha ish o`rinlari yaratish, aholi va byudjet daromadlarini jadal oshirishga xizmat qiladi, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Yangi korxonada yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol ishlab chiqariladi. Bu mahsulotlarga avtomobilsozlik, to`qimachilik, metallurgiya, kimyo, neft-gaz tarmoqlari, elektr texnikasi va qurilish materiallari ishlab chiqarishda talab yuqori. Ular shu paytgacha katta valyuta evaziga import qilinardi. Ayniqsa, kichik biznes sub`ektlari bu masalada juda qiynalardi.

Polivinilxlorid, kaustik soda va metanol ishlab chiqarish majmuasi yurtimiz korxonalarini zarur xomashyo bilan ta`minlaydi. Shuningdek, har yili 40 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Yangi majmuada 900 dan ziyod ish o`rni yaratildi.

Davlatimiz rahbari «Navoiyazot» jamiyatidagi uchta yirik investisiya loyihasini amalga oshirish oson bo`lmaganini qayd etdi.

- Har qancha qiyin bo`lsa ham, katta marralarni maqsad qilib qo`yib, tashabbus ko`rsatib, fidoyilik bilan mehnat qilsak, albatta ularga erishamiz, - deya ta`kidladi Prezident.

Loyiha Xitoyning "China CAMC Engineering Co., LTD" va "HQC Shanghai Company" kompaniyalar konsorsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Shavkat Mirziyoev Navoiy viloyatining salohiyati bundan-da yuqori ekani, ularni ishga solish uchun zarur sharoit va mutaxassislar borligini qayd etdi.

-  Sahro bag`rida Navoiy va Zarafshon kabi shaharlarni, sanoat mintaqasini barpo etgan viloyatning mehnatkash, mard va olijanob aholisi yangi O`zbekiston rivojiga katta hissa qo`shadi, - deya ishonch bildirdi davlatimiz rahbari.

Prezident ramziy tugmani bosib, korxonani ishga tushirdi.

Marosimda mehnat faxriylari, yoshlar, xitoylik muhandislar so`zga chiqdi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1