Aralash jang san`ati (MMA) bo`yicha o`rta (-84 kg) vazn toifasida oktagonga chiqib kelayotgan o`zbekistonlik Mahmud Muradov (24-6, 15 KO) UFCdagi uchinchi jangini Braziliyada o`tkazadigan bo`ldi.
Ma`lum bo`lishicha, Mahmud Muradov MMAning eng nufuzli turniri bo`lgan UFCdagi uchinchi jangida braziliyalik Antonio Karlos Juniorga (10-4) qarshi ringga chiqadi. Jang 14 mart kuni Braziliya poytaxti Brazilia shahridagi “Ginásio Nilson Nelson” arenasida bo`lib o`tadi. Mazkur jang UFC on ESPN+ 28 turniri doirasida tashkil etiladigan MMA kechasida bo`lib o`tadi.
Aslida Antonio Karlos Bred Tavaresga (17-6, 5 KO) qarshi ringga chiqishi lozim edi, ammo bu jang bekor qilingan va Tavares o`rniga Mahmud Muradov Antonio Karlosga raqiblik qilish bo`yicha kelishuvga erishgan.
Ma`lumot uchun, 29 yoshli Antonio Karlos jami 14ta jangda (UFCda 11ta jang, 4 mag`lubiyat) oktagonga chiqib ularning 10tasida g`alaba qozongan. Ayni vaqtda u UFC rasmiy reytingida 14-o`rinda bormoqda. Mahmud Muradov bu orqali o`zining uchinchi jangidayoq TOP-15likka kirgan jangchiga qarshi oktagonga ko`tarilish imkoniyatiga ega bo`lmoqda.
Eslatib o`tamiz, Mahmud Muradov UFCdagi debyut jangida italiyalik Alessio di Kirikoni (12-4, 9 KO) ochkolar hisobiga ko`ra, ikkinchi jangida Trevor Smitni (15-10, 10 KO) uchinchi raundda nokaut evaziga mag`lubiyatga uchratgan.