AsosiyJamiyat

Amsterdamda balandlikdan qulagan Kristina Vorobeva Feysbukdagi sahifasida xabar qoldirdi

'Amsterdamda balandlikdan qulagan Kristina Vorobeva Feysbukdagi sahifasida xabar qoldirdi'ning rasmi

O`zbekiston elchixonasi tomonidan Amsterdam shahrida (Niderlandiya) uyushtirilgan Butunjahon rodjestvo sirki shousida chiqish qilgan “Samo farishtalari” dueti akrobatlari – O`zbekiston fuqarolari Kristina Vorobeva va Rustem Osmanovning 10 metr balandlikdan qulab tushgani to`g`risida xabar bergandik. Bu baxtsiz hodisa 2020-yil 3-yanvar sodir bo`lgan edi. 

Keyingi xabarlarda Kristina Vorobeva va Rustem Osmanov Amsterdam Medical Center tibbiyot majmuasiga yotqizilganligini ma`lum qilgandik.

Kuni kecha Kristina Vorobyova Feysbuk ijtimoiy tarmog`idagi sahifasida salomatligi yaxshilanganligini ma`lum qildi. U ilovadagi rasmi bilan quyidagicha xabar qoldirdi:

"Qadrli do`stlar, hamkasblar! Internet orqali sog`ligimizni so`rab xat yozganlarga o`z vaqtida javob bermaganimiz uchun uzr so`raymiz. Xudoga shukur Rustemning salomatligi joyida. Men esa bo`yin umurtqamda ikkita jarrohlik amaliyotini boshdan o`tkazdim. Shifokorlar umurtqalararo diskni olib, o`rniga titan plastina o`rnatishdi. Hozirda oyoqlarimni his qilmayapman. Yana o`ng qo`lim ham yaxshi ishlamayapti. 

Men Anastasiya Makeevaga minnatdorlik bildiraman. U haqiqiy insoniylik namunasini ko`rsatdi. Yiqilgan kunimizdan to tashxislash va operasiya jarayonlarida meni qo`llab-quvvatladi, qo`limdan ushlab har bir daqiqada yonimda bo`ldi. 

Vaziyat shunday bo`ldiki, meni va Rustemni turli gospitallarga joylashtirishdi. Nastya, senga katta rahmat! Hech qachon bu yordamingni unutmayman. 

Xullas Amsterdamning eng yaxshi shifokorlari, jarrohlari nazoratida davolanyapmiz. Ammo shifokorlarning so`nggi tashxis xulosalarini hali olmadik. Bunga hali biroz vaqt kerak. Baxtsiz hodisa oqibatlarini bartaraf etish oson emas. 

Bugun bizni jonlantirish bo`limidan palataga olib o`tishdi. 

Aziz do`stlarim! Biz mohir shifokorlar ko`magida davolanyapmiz. Biz uchun qayg`urayotganingiz va samimiy tilaklaringiz uchun katta rahmat! Sizning ezgu tilaklaringiz bizga tezroq sog`ayishimiz uchun kuch-quvvat bermoqda". 

Boshqa yangiliklar