2019 yilning dekabr oyi oxirida Internet tarmoqlarida Qarshi shahridagi “Yulduzcha” maktabgacha ta`lim tashkilotining omborxona mudiri o`ldirilganligi to`g`risida axborot tarqaldi. Jinoyat 2019 yilning 18 dekabrida tashkilotda kir yuvuvchi xodim ayolning turmush o`rtog`i tomonidan sodir etilgan . Voqeada bolalar jabrlanmagan.
“Yulduzcha” MTT idoraviy tashkilot hisoblanib, Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi yurisdiksiyasi doirasida joylashgan. Tarbiyalanuvchilarni qabul qilish, shuningdek xodimlarni ishga qabul qilish va ishdan bo`shatish Ichki ishlar boshqarmasining tuman bo`limi tomonidan amalga oshiriladi. Maktabgacha ta`lim vazirligi tomonidan ushbu MTTga IIB ruxsati bilan metodik yordam ko`rsatiladi.
Maktabgacha ta`lim vazirligi tomonidan MTTda xavfsizlikni oshirish yuzasidan ishlar amalga oshirilmoqda. Shunga ko`ra, Maktabgacha ta`lim vazirining 2019 yil 14 oktyabrdagi 188-sonli buyrug`iga muvofiq qo`riqchilar uchun qo`shimcha ish stavkalar joriy etilganligi munosabati bilan MTT lari endi dam olish va bayram kunlarida ham qo`riqlanadi.
Bundan tashqari, MTVning ishchi guruhi tomonidan maktabgacha ta`lim tashkiloti hududiga begona shaxslarning kirishini tartibga soluvchi hujjat ishlab chiqilmoqda. Qarshi shahrida sodir etilgan holatdan kelib chiqqan holda, tarbiyalanuvchilar xavfsizligi maqsadida qo`shimcha cheklovlar joriy etilishi lozim. Bu ruhiy jihatdan nosog`lom, jinoyat sodir etishga moyilligi bor, yuqumli va boshqa kasalliklar bilan kasallangan shaxslarning bolalar oldida bo`lishi xavfini kamaytiradi. Hujjatning loyiha variantida tashrif buyuruvchilar MTTga tashrif buyurish sababi mavjud bo`lgan holda mudir hamrohligida tashkilotga kira olishi nazarda tutilmoqda. Maktabgacha ta`lim tashkilotida faoliyat olib boruvchi er-xotin yoki qarindoshlar yoniga tashrif buyurish sabab hisoblanmaydi. Maktabgacha ta`lim vazirligi jinoyat qurbonining oilasiga hamdardlik bildiradi.
Ayni paytda Prokuratura tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasiga (javobgarlikni og`irlashtiradigan holatlarda qasddan odam o`ldirish) muvofiq jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Ma`lumot uchun : Ushbu jinoyatni sodir etganlik uchun o`n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanadi.






