Dehqonobod tuman hokimi ijtimoiy tarmoqlardagi tanqiddan so`ng Shamolikamda bo`ldi va aholi uchun ko`prik qurib berishni va`da qildi, deya xabar beradi tuman hokimligi matbuot xizmati.
Telegramdagi “Qo`shni mahalla” kanalida e`lon qilingan xabarga javoban Dehqonobod tuman hokimligi quyidagilarni ma`lum qiladi.
6 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Dehqonobod tumanidagi Shamolikam qishlog`ida joylashgan maktabga suv kechib o`tayotgan o`quvchilar holati tasvirlangan xabar e`lon qilindi.
Bugun 7 yanvar kuni tuman hokimi Zoir Aliqulov boshchiligida ishchi guruh aytilgan manzilga bordi va holatni ko`zdan kechirdi.
Ma`lum bo`lishicha, Shamolikam qishlog`ida 7-maktab filiali joylashgan bo`lib, 60 nafar o`quvchi tahsil oladi. Filialda 8 nafar o`qituvchi boshlang`ich sinf o`quvchilariga ta`lim-tarbiya beradi.
Suratda o`quvchilarning suvdan o`tishiga ko`maklashayotgan o`qituvchi Sayfulla Xudoyqulovning aytishicha, mazkur surat 2019 yil 2 may kuni olingan.
— Odatda bahor oylarida bu erdan sel keladi, - deydi Sayfulla Xudoyqulov. – O`sha payt filialdagi 8 nafar o`qituvchi navbat-navbat o`quvchilarni suvdan o`tkazamiz. Boshqa payt bu erdan sel kelmaydi.
Vaziyat bilan tanishgan hokim nafaqat o`quvchilar uchun, daryoning nariga tomonida istiqomat qiluvchi 80 dan ortiq xonadon vakillari ham o`tib-qaytuvchi ko`prik qurib berishni va`da qildi.
— Issiq jonning isitmasi bor deganlaridek, qishloq aholisi tez yordam mashinasini chaqirishi mumkin yoki o`zlari mashinada shifoxonga borishga to`g`ri kelishi mumkin. Shuning uchun ham aholi koriga ham yaraydigan ko`prik quramiz, - dedi hokim Zoir Aliqulov qishloq aholisi bilan muloqotda.
Ta`kidlanishicha, ushbu hudud uchun ko`prik qurish taklifi ilgari ham o`rtaga tashlangan bo`lib, Qarshi Mintaqaviy temir yo`l uzeli bilan hamkorlikda ishlar ham boshlab yuborilgan. Ko`prik qurilishi uchun qurilish materiallari olingan. Yo`l tekislangan. Ammo betonlash ishlarini bajarish uchun havo sovuq bo`lgani bois, ma`lum muddatga to`xtab qolgan. Hokim ishlarni davom ettirish uchun mutasaddilarga topshiriq berdi.
Aytilishicha, mazkur hududdagi ko`prik sel davri boshlangunga qadar qurib bitkaziladi.
Filial o`qituvchilari va xodimlari bilan suhbat chog`ida hokim boshqa muammolar bilan ham qiziqdi.
— Maktabimiz sinfxonalari qizimaydi, - deydi aholi vakillaridan biri Ahmad Muhammadiev. – Boisi, maktab qozonxonasi noto`g`ri montaj qilingan. Qancha ko`mir yoqsangiz ham isimaydi. Hash-pash deguncha o`qish boshlanadi. Bolalarimiz qiynaladi.
Mazkur muammodan xabar topgan hokim tuman XTB mudiri O`ktam Toshboevga 1 kun muhlat berib, filialning isitish tizimidagi muammolarini o`rganish va bu haqda hokimlikka axborot berish haqida topshiriq berdi. Aytilishicha, ta`til tugab o`qish boshlangunga qadar filialning isitish tizimidagi muammolar bartaraf etiladi.
Avvalroq Xalq ta`limi vazirligi mazkur holat bo`yicha quyidagicha izoh bergandi.






