Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi Shamolikam qishlog`ida ko`prik yo`qligi sababli o`qituvchi va o`quvchilar daryodan kechib o`tayotganligi haqida ma`lumot suratlari bilan tarqatilgani haqida xabar bergan edik.
Mazkur xabar yuzasidan Dekhqonobod tumani mahallalar kengashi raisi boshchiligida tuman kengashi, mahalla fuqarolar yig`ini raislari va mas`ul kotiblaridan iborat 7 kishilik Ishchi guruhi tomonidan ham o`rganildi.
Jamiyatda jamoatchilik nazoratining bo`lganligi ham yaxshi. Aks holda, mutasaddilar o`zlariga tegishli hududlardagi muammolardan xabar topishi va ularni o`z vaqtida hal etish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishga qiynalishar edi.
Ochig`i, suratdagi holat achinarli edi — unda bir qator o`quvchilarni elkasiga opichib, suvdan o`tkazayotgan o`qituvchi tasvirlangandi. Ushbu holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari o`rtasida turli munozaralarni ham tug`dirgani shubhasiz.
Ma`lum bo`lishicha, Qashqadaryo viloyatining Dekhqonobod tumanida Shamolikam qishlog`ida 7-maktab filiali joylashgan bo`lib, 60 nafar o`quvchi tahsil oladi. Filialda 8 nafar o`qituvchi boshlang`ich sinf o`quvchilariga ta`lim-tarbiya beradi.
— Odatda bahor oylarida bu erlarga sel keladi, — deydi Sayfulla Xudoyqulov. – O`sha payt filialdagi 8 nafar o`qituvchi navbat-navbat o`quvchilarni suvdan o`tkazamiz. Boshqa payt bu erdan sel kelmaydi.
Vaziyat bilan tanishgan hokim nafaqat o`quvchilar uchun, daryoning nariga tomonida istiqomat qiluvchi 80 dan ortiq xonadon vakillari uchun ham o`tib-qaytuvchi ko`prik qurib berishni va`da qildi.
— Issiq jonning isitmasi bor deganlaridek, qishloq aholisi tez yordam mashinasini chaqirishi mumkin yoki o`zlari mashinada shifoxonaga borishga to`g`ri kelishi mumkin. Shuning uchun ham aholi koriga ham yaraydigan ko`prik quramiz, — dedi hokim Zoir Aliqulov qishloq aholisi bilan muloqotda.
Ta`kidlanishicha, ushbu hudud uchun ko`prik qurish taklifi ilgari ham o`rtaga tashlangan bo`lib, Qarshi Mintaqaviy temir yo`l uzeli bilan hamkorlikda ishlar ham boshlab yuborilgan. Ko`prik qurilishi uchun qurilish materiallari olingan. Yo`l tekislangan. Ammo betonlash ishlarini bajarish uchun havo sovuq bo`lgani bois, ma`lum muddatga to`xtab qolgan. Hokim ishlarni davom ettirish uchun mutasaddilarga topshiriq berdi.
Aytilishicha, mazkur hududdagi ko`prik sel davri boshlangunga qadar qurib bitkaziladi.
Filial o`qituvchilari va xodimlari bilan suhbat chog`ida hokim boshqa muammolar bilan ham qiziqqan.
— Maktabimiz sinfxonalari qizimaydi, — deydi aholi vakillaridan biri Ahmad Muhammadiev. – Boisi, maktab qozonxonasi noto`g`ri montaj qilingan. Qancha ko`mir yoqsangiz ham isimaydi. Hash-pash deguncha o`qish boshlanadi. Bolalarimiz qiynaladi.
Mazkur muammodan xabar topgan hokim tuman XTB mudiri O`ktam Toshboevga 1 kun muhlat berib, filialning isitish tizimidagi muammolarini o`rganish va bu haqda hokimlikka axborot berish haqida topshiriq berdi. Aytilishicha, ta`til tugab o`qish boshlangunga qadar filialning isitish tizimidagi muammolar ham bartaraf etiladi.
- Ushbu holat bo`yicha Xalq ta`limi vazirligi hamda Dehqonobod tuman hokimligi ham izoh bergan edi.






