O`zR ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasining 2019 yil 4 iyuldagi 1-son bayoni bilan Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega bo`lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta`lim shakliga suhbat natijalariga ko`ra tabaqalashtirilgan to`lov-kontrakt asosida o`qishga qabul qilish TARTIBI tasdiqlangan edi.
Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining kecha Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida muhokamaga qo`ygan “O`zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Hukumati qarori loyihasida yuqoridagi tartibga birmuncha o`zgartirish kiritish taklif etilibdi.
Jumladan, “Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yillik ish stajiga ega bo`lgan fuqarolarni ish faoliyatiga mos bo`lgan ta`lim yo`nalishlarining sirtqi va kechki ta`lim shakliga suhbat natijalariga ko`ra tabaqalashtirilgan to`lov-kontrakt asosida o`qishga qabul qilish Tartibi Hukumatning 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta`lim muassasalarining bakalavriatiga talablarni o`qishga qabul qilish tartibi to`g`risida"gi Nizomga 6-ilova sifatida kiritilgan.
Qaror loyihasidagi yangi tartibga ko`ra endilikda tashkilotlar o`ziga kerak bo`lgan kadrni oliy ma`lumotli qilish uchun tashkilotning byudjetdan tashqari mablag`lari hisobiga o`qitadi.
Taklif qilinayotgan yana bir tartib shundan iboratki, abiturient birinchi o`quv yili uchun oshirilgan kontrakt to`lovining kamida 50 foizini o`tkazsa, oliy ta`lim muassasasi rektorining buyrug`i bilan o`qishga qabul qilinadi.
Amaldagi tartibga ko`ra, talaba o`qishga qabul qilinishi uchun oshirilgan to`lov kontraktni to`lig`icha universitet hisobiga o`tkazishi lozim.
Ma`lumot uchun, joriy o`quv yilidan boshlab OTMlarga vazirlik, idora va yirik xo`jalik birlashmalarida kamida besh yil ishlagan xodimlarni tizimda besh yil ishlab berish sharti bilan sirtqi va kechki ta`lim uchun o`qishga qabul qilish huquqi berilgan.
Nomzod abiturientlar ish faoliyatiga mos bakalavriat ta`lim yo`nalishlariga tabaqalashtirilgan to`lov-kontrakt asosida suhbat natijalariga asosan talabalikka qabul qilingan edi.






