AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda deputat bo`lolmagan nomzod unga berilgan ovozlar sohtalashtirilganini aytmoqda

'Qashqadaryoda deputat bo`lolmagan nomzod unga berilgan ovozlar sohtalashtirilganini aytmoqda'ning rasmi

Qarshi tumanidan deputatlikka nomzodi qo`yilgan, ammo ko`p ovoz to`plasada deputat etib saylanmagan Farog`at Mirzaeva unga berilgan ovozlar sohtalashtirilganidan shikoyat qilmoqda. Ma`lum bo`lishicha, Qarshi tumanida ovozlarni sanash jarayonida ko`zboyamachilikka yo`l qo`yilgan. 22 dekabrda o`tkazilgan saylov yakunlari bo`yicha bayonnoma tuzish vaqtida ruchka bilan to`ldirilishi kerak bo`lgan bayonnomalar qalam bilan to`ldirilib, keyin esa ovozlar sonini ko`paytirish va kamaytirish holatlari kuzatilgan.
 

– Men «Milliy tiklanish» demokratik partiyasidan nomzodimni ko`rsatgan edim,- deydi Farog`at Mirzaeva.
– 22 dekabr kuni 2 ta saylov uchastkasida men va partiyalardan ko`rsatilgan boshqa nomzodlarga ovoz berish jarayonlari bo`lib o`tdi. Kuzatuvchilarning aytishicha, 184- saylov uchastkasida eng ko`p 497 ta ovoz olib birinchi bo`ldim. Ovozlar sanalib qayd etildi. 185-saylov uchastkasida esa 157 ta ovoz berildi. Lekin ovozlarni sanash jarayonida bu ko`rsatkichlar bayonnomaga qalam bilan yozilib, tuman saylov uchastkasiga olib borilganda o`zgartirildi. Bunga etarlicha asoslarim bor, hattoki bayyonomalar qalam bilan belgilanib tasdiqlandi. Bunday ko`zboyamachilikni kimga keragi bor? Nega ovozlarni sohtalashtirish bilan bog`liq holatni hech kim o`rganmaydi?
 

Farog`at Mirzaevaga ko`ra, saylov uchastkalari a`zolariga ovozlarni qalam bilan belgilashni Tuman hokimligi buyurgan. Aytilishicha, hokimiyatda ishlovchi Shuhrat Haydarov ismli yigit tuman saylov komissiyasiga topshiriq bergan.

-Hokimiyatning saylovga aralashishga, ovozlarni sohtalashtirishga nima haqqi bor, – deydi Farog`at Mirzaeva. Ular deputatlarni oldindan aniqlasa, biz saylovda ishtirok etib beradigan qo`g`irchoqmizmi?

Farog`at Mirzaevaning ta`kidlashicha, tuman saylov komissiyasi tuman hokimligidan topshiriq olib, 184 va 185- saylov uchactkalari raislariga turli talablarni qo`ygan. Unga ko`ra, saylov natijalari bo`yicha tuzilgan bayonnomalar faqatgina qalam bilan belgilanishi aytilgan. Yakuniy natijaga ko`ra ruchka bilan belgilangan bayyonomalar qabul qilinmagan.

“Nasafnews” Farog`at Mirzaevaning murojaati yuzasidan Qarshi tuman hokimligi bilan bog`landi. Hokimlik saylovga aralashmaganini aytib, yuqoridagi vajlarni rad etdi.

Hokimlik saylovga aralashmagan bo`lsa, ovozlarni bayonnomaga qalam bilan belgilab tasdiqlashni saylov uchatkasiga kim buyurdi?
Bu qonunbuzarliklar haqqoniy tarzda o`rganib chiqilishi, ularga adolatli, qonuniy baho berilishi kerak.
Qashqadaryo viloyati saylov komissiyasidan mazkur holat bo`yicha tayinli izoh kutamiz.

    Boshqa yangiliklar