Bugun, 8 yanvar kuni OAVda “Toshkentda o`lish “qanchaga tushadi?” Ortiqxo`jaev yangi qarorni imzolash arafasida” nomli maqola e`lon qilindi. Ushbu xabarga nisbatan Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati rasmiy tushuntirish berdi.
Maqolada Toshkent shahar hokimining regulation.gov.uz sayti orqali jamoatchilik muhokamasiga qo`yilgan “Toshkent shahri qabristonlarida go`r qazish va marosim xizmatlari uchun pullik xizmatlar ko`rsatish tariflarini belgilash to`g`risida”gi qarori loyihasi yuzasidan fikrlar bildirilgan.
Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati, qalampir.uz saytidagi maqolaning sarlavhasi va mazmuni jamoatchilik orasida kelib chiqishi mumkin bo`lgan turli tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida, yuqoridagi shahar hokimi qarori loyihasi, uni ishlab chiqishning qonuniy asoslari va qarordan ko`zlangan maqsadlar bo`yicha izoh beradi.
Qaror “Mahalliy davlat hokimiyati to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasiga, “Dafn etish va dafn ishi to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 4 aprelidagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Dafn etish joylarini saqlash, ulardan foydalanish va qabr usti yodgorliklarini o`rnatish tartibi to`g`risida”gi Nizomning 8-bandiga asosan ishlab chiqilgan.
Bugungacha aynan shu mazmundagi Toshkent shahar hokimining 2015 yil 27 oktyabrda 924-sonli, 2016 yil 28 yanvarda 74-sonli hamda 2018 yil 3 mayda 708-sonli qarorlari qabul qilingan.
Pullik xizmatlar ko`rsatish masalasi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 4 aprelidagi 101-son qarori bilan tasdiqlangan “Dafn etish joylarini saqlash, ulardan foydalanish va qabr usti yodgorliklarini o`rnatish tartibi to`g`risida”gi Nizomning 8-bandida belgilangan.
Unda go`r qazish va marosim xizmatlari bo`yicha ishchilarga ega bo`lish ko`rsatilgan pullik xizmatlar uchun aholidan tushgan mablag`lar hisobidan, mahalliy davlat hokimiyati organlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan belgilanadigan tariflar bo`yicha amalga oshirilishi ko`rsatib o`tilgan.
Shuningdek ta`kidlash joiz, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risida”gi PQ-3666-sonli qaroriga asosan 2018 yil 1 maydan boshlab barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari loyihani ishlab chiquvchi tashkilotlar tomonidan O`zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi o`tkazilishi uchun joylashtirilishi lozimligi belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, hamda Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi huzuridagi Fuqarolarga xizmat ko`rsatish boshqarmasining go`r qazish va marosim xizmatlari uchun oylik ish haqi, taxta va yoqilg`i-moylash mahsulotlari hamda boshqa ashyolarning narxi sezilarli darajada oshishi munosabati bilan yangi ta`riflarni belgilash to`g`risidagi murojaatiga ko`ra, Toshkent shahar hokimining “Toshkent shahri qabristonlarida go`r qazish va marosim xizmatlari uchun pullik xizmatlar ko`rsatish tariflarini belgilash to`g`risida”gi qarori loyihasi tayyorlangan va regulation.gov.uz saytiga joylashtirilgan.
Toshkent shahar hokimligi jurnalist va blogerlardan, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarning faol ishtirokchilaridan davlat va jamiyat ahamiyatiga molik ma`lumotlar yuzasidan fikr va mulohaza bildirishda, bildirilayotgan munosabatning huquqiylik, madaniyat va etika normalari doirasida bo`lishiga jiddiy e`tibor qaratishlarini so`raydi.






