1

Maktub qo`lga tushmas jinoyatchilar guruhini fosh etdi

Jinoyat 09.01.2020, 14:04
Maktub qo`lga tushmas jinoyatchilar guruhini fosh etdi

Samarqand viloyatining chekka qishloqlaridagi maktablarning biridan o`qotar qurol o`g`irlanadi. U paytlarda o`rta maktablarda o`quvchilarga boshlang`ich harbiy ta`lim darsi o`tilardi. Harbiy ta`lim xonasidan o`g`irlangan qurollar ancha vaqt topilmaydi. Men Samarqand shahrining Temiryo`l tumani IIB jinoyat qidiruv xizmatiga ishga o`tganimdan keyin do`konlarning birida bo`lgan o`g`rilik jinoyatining ana shu qurol o`g`rilariga aloqasi borligi sezilib qoldi. Chunki noma`lum shaxslar do`kon qorovulini otib o`ldirib, keyin o`g`rilikni amalga oshirgan edi.

O`sha kezlari jinoyatchilar orasida Garrik, Maxno, Shurik ismli shaxslar borligi haqida eshitib qoldik. Ammo bu laqab edi, chunki o`g`rilik qilganlar hech qachon o`z ismini oshkor etmaydi. Jinoiy guruh a`zolari o`z ismini «sir» saqlaydi va bir-biriga laqab qo`yib oladi.

Bir emas, uchta og`ir jinoyat sodir etib, jazo muddatini o`tayotgan bir shaxs viloyat IIBga Samarqand shahrida sodir etilgan qotillik jinoyatini kimlar sodir etganini bilaman, deb xat yozadi. Avvaliga ishonmadik, chunki hech narsadan hech narsa yo`q sheriklarini sotgan jinoyatchilar juda kam uchraydi. Hujjatlar bilan tanishsam, u o`zining qilgan jinoyatlari uchun qamalgan bo`lib, sheriklari bo`lmagandi. Shunday bo`lsa ham, xatga javoban, qirqqa yaqin savol bilan xat yo`lladim. Tez orada hamma savollarga javob keldi. Savollarning birida jinoyat olamidagi Garrik, Maxno va Shurikning asl ism-sharifini so`ragandim. Javob kelgach, ularning qaerda yashashi va kimligi ma`lum bo`ldi. Jazo muddatini o`tayotgan shaxsning yozishicha, guruhga Shurik laqabli yigit bosh­chilik qilgan va mayda-chuyda o`g`rilik bilan shug`ullanib yurarkan.

Mahkumning yozishicha, bu uchlik bilan birga talonchilik, o`g`rilik va nomusga tegish jinoyatlarini sodir etishda ishtirok qilgan. Ichki ishlar organlari xodimlari yigitni qo`lga olishadi. Sheriklari esa qo`lga tushgan yigitga hammasini bo`yningga olaver, seni o`zimiz qutqarib olamiz, deb ishontirgan. Ko`p yillar hamtovoq bo`lgan yigit hamma aybni o`z bo`yniga olgan. Bir necha og`ir jinoyatni sodir etgan shaxs sifatida uzoq muddatga qamalgan. Biroq va`dasini unutgan sheriklari undan xabar olmagan. Ularga xat yozgan, uchrashuvga kelishlarini iltimos qilgan, ammo javob bo`lmagan. Bu unga alam qilgan va bir men jazo muddatini o`taymanmi, ular ham jabrini tortsin, deb viloyat IIBga xat yozgan.

Maxno bilan Garrikni topish qiyin bo`lmadi. Ammo Shurik qidiruv haqida bilib qolgach, yashirindi. Uni goh u viloyatda, goh bu viloyatda uchratishgani haqida xabarlar kelardi. Oxiri Qozog`istonga o`tib ketdi, degan ma`lumot oldik. U paytlar chegara bo`lmagani uchun osongina ovloq joydan o`tib ketgan bo`lishi mumkin edi. Qidiruv va surishtiruvni vaqtincha to`xtatishga qaror qildik. Keyin yaqinlarining bundan xabar topishiga erishdik.

Oylardan birida Shurikning yaqinlaridan biri tug`ilgan kunini nishonlaydigan bo`ldi. Bu ziyofatdan Shurikning xabari bo`lgan, albatta. Qidiruv va surishtiruv to`xtaganini bilgandan keyin ziyofatga kelishga harakat qilishi aniq. Yana bir ishonch­li kishidan uning kelishini bildik. Ziyofatga kirib o`tirganida qo`lga olish noqulay, umid bilan yozilgan dasturxon ustida ko`ngilsiz ish bo`lishini istamay, uning qaysi yo`ldan kelishi mumkinligini taxmin qilib, pistirma qo`ydik.

Nihoyat Shurik ko`rindi. U paytlar avtomashinalar kam bo`lgani uchun katta yo`l bo`ylab mashinada kelib, bu yog`iga piyoda kela boshladi. Men «Jiguli» mashinasida ortidan bordim va:

– Birodar, shu mahallada yubiley bo`layotgan ekan, qaysi xonadon ekanligini ko`rsatib yubora olmaysizmi? – deya so`radim.

Shurik bir cho`chib tushdi va hadiksirab:

– Men ham yubileyga ketyapman, – dedi.

– Yo`limiz bir ekan, chiqing mashinaga, birga boramiz, – dedim.

U avval atrofga qaradi, keyin istar-istamas, omonatgina o`tirdi. Mashina ichidagi xodim:

– Bemalol o`tiravering, bir otamlashib kelamiz, – dedi kulib.

Sal yurganimizdan keyin yana bir xodim yo`ldan chiqdi va u ham tezda mashinaga o`tirdi. Ikki xodim o`rtasida qolgan Shurik nima qilarini bilmay, tushmoqchi bo`lib harakat qilgandi men unga:

– Shurik, sarguzasht tugadi, hibsdasan, – dedim va mashinani tuman IIBga haydadim...

Tojiddin ODILOV,

iste`fodagi podpolkovnik.

Samarqand viloyati.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1