7 yanvar kuni O`zbekiston Respublikasi IIV-DXX xodimlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida o`tkazilgan tadbirlar natijasida O`zbekiston Respublikasida faoliyati ta`qiqlangan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimining (DEO) bir guruh a`zolarining jinoiy faoliyatiga chek qo`yildi.
Mavjud ma`lumotlarga ko`ra, ushbu shaxslar O`zbekiston hududida Suriyada panoh topgan terroristik uyushma a`zolarining topshiriqlarini bajarib kelishgan va aholi orasida qonunga xilof ravishda targ`ibot olib borib, “Jihodchilar” DEO g`oyalarini tarqatganlar hamda shu yo`l bilan saflarini kengaytirishga qaratilgan noqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganlar. Shuningdek, ular yurtimizdagi yoshlar orasida o`zlarining aqidaparastlik g`oyalarini singdirib, Suriya hududidagi xalqaro terrorchilik tashkilotlarining safiga qo`shilib, jinoyat sodir etishga da`vat qilganlar.
Ushlangan shaxslarda ekstremistik mazmundagi materiallar mavjudligi aniqlangan va prosessual tartibda olib qo`yilgan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi va tergov-tezkor harakatlari olib borilmoqda.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi tashkiloti faoliyati O`zbekiston hududida ta`qiqlangan tashkilotlar ro`yxatiga kiritilgan.
O`zbekiston Respublikasi IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bosh boshqarmasifuqarolar, ayniqsa yoshlarni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo`l qo`ymaslik maqsadida buzg`unchi g`oyalar ta`siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da`vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari, saqlamasliklari va tarqatmasliklarini so`raydi.






