Kecha, 9-yanvar kuni Brussel shahrida O`zbekiston Respublikasining NATO huzuridagi Missiyasi rahbari, Elchi Dilyor Xakimov Alyans Bosh kotibi Yens Stoltenbergga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda TIV ma`lum qildi.
Marosimdan keyin bo`lib o`tgan suhbatda tashkilot rahbari Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan O`zbekistonning ulkan salohiyatini to`laqonli ochish imkoni beruvchi va mamlakatni tarixiy rivojlanishning yangi bosqichiga olib chiquvchi tub islohot va o`zgarishlarga yuqori baho berdi.
O`zbekiston va NATO o`rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning, jumladan harbiy ta`lim sohasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari, xalqaro hamjamiyatning Afg`onistonda barqarorlik va xavfsizlikni ta`minlash borasidagi sa`y-harakatlari ham muhokama qilindi.
Yens Stoltenberg Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning rivojlanayotganini alohida ta`kidladi va O`zbekistonning Afg`onistondagi mojoroni bartaraf etish masalalaridagi rolini qo`llab-quvvatladi.






