Yangi yilning yangiliklaridan biri O`zbekistonda yagona transport kartasi joriy etilishi bo`ldi. Zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlangan bunday turdagi kartalar qanday ishlaydi? U haqida nimalar bilishimiz kerak?
Birinchi navbatda yangi kartalar o`rnatilgan NFC chipi tufayli kontaktsiz ishlaydi. Ularning narxi 11000 so`mni tashkil etadi, shuningdek, ushbu summaga bir martalik transportdan foydalanish xarajati ham kiradi. Tizim jamoat transport narxida — bir martalik yo`l uchun 1400 so`mdan echib olmoqda. Hali chiqqaniga ko`p bo`lmagan bo`lsada, bugungi kunga qadar 1000 ga yaqin kartalar sotilishga ulguribdi.
Yagona transport kartasi hozircha 30ta avtobus bekatlarida (gavjum va markaziy bekatlar asosan) va metro bekatlarida sotuvga chiqarildi. Kartalarni o`sha sotuv joylarida, shuningdek, UzCard ilovasi orqali to`ldirish mumkin. “AVTOMATLASHTIRILGAN TRANSPORT TOʻLOV TIZIMI OPERATORI” MChJ kompaniyasi direktori Timur Azadovning ta`kidlashicha hozirda kartani Click, Payme, Paynet kabi to`lov tizimlari bilan integrasiya etish ishlari olib borilmoqda. Yaqin kelajakda ular ham ishga tushadi va kartani to`ldirish imkoniyati oshadi.
Ko`pchilikda imtiyoz evaziga oylik yo`l chiptalaridan foydalanib kelganlarning kelajakda qanday yo`l tutishi qiziqtirishi tabiiy. Azadovning ma`lum qilishicha, ular uchun alohida kartalar ochiladi. Masalan, o`quvchilar-talabalar, nafaqaxo`rlar ham o`zlari uchun alohida kartalar chiqariladi. Shuningdek, jamoat transportidan bepul foydalanadiganlar uchun ham alohida kartalar chiqariladi. Imtiyozga ega bo`lganlar bir oylik o`rtacha 130 marta transportdan foydalanishishi mumkin bo`ladi. Cheklovdan oshgan holatda ular ham odatiy tarif bo`yicha to`lovni amalga oshirib jamoat transportidan foydalanishi mumkin bo`ladi.
Yangi tizim qanday ishlaydi?
Yanvar ko`800 dan ortiq avtobuslar yangi to`lov usulini qabul qiladigan mobil tasdiqlash (validator) uskunalari bilan jihozlangan. Qurilma yordamida siz soniyalar ichida to`lovni amalga oshirishingiz mumkin. Shuningdek, ketma-ket, yoki boshqa birov foydalanmasligi ham hisobga olingan. Ya`ni xavfsizlik nuqtai nazaridan bitta karta orqali ketma-ket ikki marta to`lov qilib bo`lmaydi. Tizim bir marta to`lovni amalga oshirganidan so`ng 6 daqiqa davomida maxsus qulfga tushadi va faqat shundan keyingina siz tarif bo`yicha qayta to`lovni amalga oshirishingiz mumkin.
Azadovga ko`ra, shuningdek, mart oyidan boshlab stasionar validatorlar ham o`rnatilishi ko`zda tutilgan. Bunday holatlarda sizga konduktorlar kerak bo`lmaydi. Yo`lovchilar o`zi mustaqil stasionar validatorga kartani qo`yib to`lovni amalga oshirishi mumkin bo`ladi. Bu tizim ham bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Metro yo`l haqi
Yangi tizim metroda ham ishlaydi. Metro kassalarida siz yangi kartani sotib olishingiz va uni o`sha erdayoq to`ldirishingiz mumkin. Yo`lkira uchun to`lovni qabul qilish turniketlarga o`rnatilgan validator orqali amalga oshiriladi. Bundan tashqari, metroda eski turniketlarning o`rniga yangilari bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
To`lovni bekor qilish funksiyasi
Yangi tizim to`lovni bekor qilish funksiyasiga ham ega. U transport vositalarining buzilishi holatlarida qo`llaniladi, masalan siz to`lov qilib bo`lgansiz, ammo o`sha transport ma`lum sabablarga ko`ra, buzilib qolsa, harakatni davom ettira olmay qolsa, yo`lovchilarning puli qaytarib beriladi.
Soatbay tariflarning joriy etilishi
Shuningdek, hozircha yo`lovchilar uchun soatbay tariflar ham joriy etilishi kutilmoqda. Ya`ni yo`lovchi yurgan yo`li uchun emas, balki transportda yurgan vaqti uchun to`lashi imkoniyatiga ega bo`ladi.
Mas`ullar buni ikki yo`l bilan amalga oshirishmoqchi:
- avtobusga (metroga) yo`lovchilar kirish va chiqish joylarida ikkita validator moslamasini o`rnatish. Bu tizimda vaqt va yo`l haqi hisoblab chiqilgandan so`ng (aniq narxi hozircha noma`lum) amalga oshiriladi;
- vaqtni hisoblab turadigan ilovadan foydalanish.
Universal karta
Loyihaga ko`ra, yagona transport kartasining boshqa funksiyalarni ham bajarishi rejalashtirmoqda, masalan, bu karta orqali pullik avtoturargohlar uchun to`lovlarni yoki zaruriy ehtiyoj uchun kichik tovarlarga (masalan non) to`lovlarni ham amalga oshirish mumkin bo`ladi.
Loyihani moliyalashtirish
Timur Azadov bergan ma`lumotga ko`ra, loyihaga kiritilgan sarmoyalarning umumiy hajmi 12 million dollarga baholanmoqda. Bunda asosiy investor UzCard — 6 million dollar, Aloqabank — 3 million va Transport vazirligi — 3 million dollar taqdim etishgan.