1

Pul almashadimi? Markaziy Bank xodimi javob berdi

Jamiyat 17.01.2020, 10:51
Pul almashadimi? Markaziy Bank xodimi javob berdi

Xabaringiz bor, Markaziy bank boshqaruvining 2020 yil 16 yanvardagi qarori bilan Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 16 foiz darajasida o`zgarishsiz qoldirildi.​

Inflyasiyaning pasayayotgan prognoz trendiga to`liqroq ishonch hosil qilish uchun ma`lum muddat zarurligi hamda tartibga solinadigan narxlarning oshirilishi bo`yicha ayrim noaniqliklarning mavjudligiga izoh berildi, deya xabar berdi O`zA.

Uchrashuvda berilgan pul almashishi bilan bog`liq savolga O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisining birinchi o`rinbosari Ilhom Norqulov shunday javob berdi.

– Keyingi kunlarda bu savol atrofida juda ko`p mulohazalar aytilmoqda. Ammo, pulni almashtirish borasida hech qanday reja yo`q. Yaqin orada bunday tadbirlar ko`rilmaydi. Qayta aytishim mumkin, bu masalada o`ylab ham ko`rilgani yo`q. Agarda bunday reja bo`lsa aholini va OAV vakillarini xabardor qilgan bo`lardik,  – dedi Ilhom Norqulov.

Keyingi kunlarda Moliya vazirligi va Markaziy bank «O`zbekiston Respublika valyuta birjasi» aksiyadorlik jamiyati (O`zRVB)ning savdo tizimida davlat qimmatli qog`ozlarni va obligasiyalarini joylashtirayotgani haqidagi e`lonlar ko`zga tashlanmoqda. Uchrashuvda buning sabablari ham ochiqlandi.

Misol uchun, pul-kredit siyosatida bu ma`lum ahamiyatga ega bo`lib, tijorat banklari ham o`zida ma`lum bir hajmda pul mablag`larini saqlashi shart ekan. Ya`ni u o`zining moliyaviy barqarorligini ta`minlash uchun harakatda bo`lishi kerak. Buni ta`minlash uchun kassadagi naqd pullarni obligasiyalar yoki qimmatli qog`ozlarga almashtirish boshlanadi. Bu qog`ozlarni garovga qo`yib, kredit olish mumkin ekan.

Markaziy bank 2020 yil uchun inflyasiyaning bazaviy prognozini belgilangan 12-13,5 foiz darajasida saqlab qolmoqda. Misol uchun, 2018-2019 yillarda o`rtacha ish haqi darajasining sezilarli darajada to`g`rilanganligi hisobiga 2020 yilda aholi nominal daromadlarining mo``tadil darajada o`sishining kutilishi talab omillari ta`sirini kamaytirishga yordam beradi.

Shu bilan birga, prognoz hisob-kitoblarga ko`ra, 2018-2019 yillarda iqtisodiyotga ajratilgan kredit qo`yilmalari va davlat xarajatlarini tez sur`atlar bilan o`sishining iqtisodiyotni qo`llab-quvvatlovchi ta`siri 2020 yilning birinchi yarim yilligida ham ma`lum darajada saqlanib qoladi.

Dastlabki taxminlarga ko`ra, 2020 yilning ikkinchi yarmida nominal YaIM o`sish sur`ati 2019 yilning mos davriga nisbatan biroz sekinlashadi. Fiskal va monetar siyosatning tartibga soluvchi ta`siriga qaramasdan to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investisiyalarning o`sishi va investision jarayonlarning faollashishi iqtisodiy o`sishga ijobiy ta`sir qiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1