Afsonaviy Chusovitina Tokio olimpiadasidan keyin faoliyatini yakunlaydi, ammo...

Sport 17.01.2020, 14:55
Afsonaviy Chusovitina Tokio olimpiadasidan keyin faoliyatini yakunlaydi, ammo...

Poytaxtimizdagi Lotte City Hotel Tashkent Palace mehmonxonasida nafaqat o`zbek, balki dunyo sport gimnastikasining tirik afsonasi bo`lmish Oksana Chusovitina ishtirokida matbuot anjumani o`tkazildi, deya xabar qildi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati.

Chusovitina Tokiodagi musobaqa uning uchun katta sportdagi so`nggi turnir bo`lishini, shundan keyin u professonal sportdagi faoliyatini yakunlashini ma`lum qildi.

- Tokio-2020 olimpiadasidan keyin professional faoliyatimni yakunlayman, biroq bu mening sportni tark etishimni anglatmaydi. Men kelgusida o`z maktabimni ochish va yillar davomida to`plagan boy tajribamni yoshlarga o`rgatish niyatidaman. Fursatdan foydalanib, o`z maktabimni ochishga yaqindan yordam bergan Toshkent shahar hokimligiga ham minnatdorlik bildiraman, - dedi anjumanda Oksana Chusovitina.

Tokio-2020 olimpiadasiga qadar Oksana Chusovitina 7ta nufuzli musobaqada ishtirok etishni rejalashtirgan. Ularning dastlabkisi fevral oyida AQShda o`tkaziladi. Keyin esa Jahon kubogi bosqichlari (10-16 mart, Boku, 16-22 mart Doxa)da ishtirok etadi.

- Hamma yaxshi biladi – mening asosiy maqsadim Olimpiada o`yinlarida shohsupaga ko`tarilish. Bu boradagi imkoniyatlarimga kelsak, final bosqichiga chiqadigan barcha sportchida imkoniyat bo`ladi. Musobaqada g`olib chiqish uchun avvalo o`zimdagi hayajonni engishim talab etiladi. Qolganini vaqt ko`rsatadi, - dedi Oksana bo`lajak Olimpiya o`yinlaridagi imkoniyatlari borasida to`xtalib.

Shuningdek, sportimiz faxri tadbirda jurnalistlarni yana bir ajoyib yangilikdan voqif qildi. Gap shundaki, Oksana faoliyatini yakunlagach, 2020 yil 14 noyabr kuni “Humo Arena” ko`p tarmoqli muz saroyida o`zining “Mening yo`lim” nomli teatrlashtirilgan katta shou-dasturini taqdim etadi. Dasturda dunyo tanigan sport yulduzlari hamda shou-biznes vakillari ham qatnashishi rejalashtirilgan.

- Shou-dastur ustida hozirdan katta jamoa ishlamoqda. Ushbu dastur uchun chiqarilgan chiptalarni avvalo bolalar va o`smirlar sport maktablariga tarqatamiz. Maqsadimiz – bu dastur ular uchun o`ziga xos mahorat maktabi vazifasini o`tasin, - deb ta`kidladi Chusovitina.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1