Ijtimoiy tarmoqlarda yadroviy texnologiyalarning xavfsizligi masalalarida noto`g`ri talqin qilish va tarqatish holatlari kuzatilmoqda.
Xususan, Chernobil AESi yon-atrofidagi tark etish zonasi misolida radiasiya va nurlanishning turli genetik mutasiyalarga hamda tabiatga salbiy ta`siri to`g`risidagi slayd noto`g`ri talqin qilingan holda tarqatilgan.
Toshkent shahridagi Vestminster xalqaro universitetida “O`zbekistonda energetika sohasini rivojlantirish istiqbollari” mavzusi o`tkazilgan ochiq muloqotda bunga aniqlik kiritildi, deya xabar berdi O`zA.
Tadbirda Energetika vazirligi va “O`zatom” agentligi vakillari o`z ma`ruzalari bilan ishtirok etdi
Qayd etilganidek, hozirgi kunda atom energetikasi va yadroviy texnologiyalardan foydalanish sohasi atrofida haqiqatga zid ko`plab afsonalar tarqalgan.
To`g`ri, tarixda katta miqdordagi radiasiyaning aholiga va tabiatga ta`sirli holatlari bo`lgan.
Shu sababli Chernobil o`rmonlarida ikki kallali hayvonlar yoki mutantlar yashashi yoki Yaponiyada Xirosima va Nagasaki shaharlari bombardimon qilingandan so`ng genetik o`zgarishlar bilan bolalar tug`ilayotgani haqida afsonalar mavjud.
Ammo Chernobil AESi tark etish zonasida hozirda odamlar yashamaydi, u erda hech qanday xo`jalik faoliyati amalga oshirilmaydi va shu sababli tabiat gullab-yashnamoqda. U erda hech qanday ikki kallali hayvonlar ham yo`q. Shuningdek, Yaponiyadagi bombardimonlardan so`ng yuqori dozadagi nurlanishni olgan ota-onalardan tug`ilgan farzandlarda hech qanday genetik o`zgarishlar kuzatilmagan.
Tadbirda atom elektr stansiyasining afzalliklari va zamonaviy yadroviy texnologiyalarning xavfsizlik darajasi to`g`risida atroflicha ma`lumot berildi.
Aholining energiya resurslariga bo`lgan ehtiyoji ortib borayotgani zamonaviy energiya ishlab chiqarish vositalaridan foydalanishni taqozo qiladi. Bu jarayonda esa xavfsizlikni ta`minlash masalasi, albatta, inobatga olinadi.