Rossiyada 15 yanvar kuni bosh vazir Dmitriy Medvedov va hukumat iste`fosi e`lon qilingandi.
Ekspertlar fikriga ko`ra, bu kutilmagan siyosiy o`zgarishlar Vladimir Putinning 2024 yilda prezidentlik vakolati tugagandan so`ng ham o`z ta`sir doirasini saqlab qolishi uchun zamin yaratishini ta`kidlashmoqda.
Putin 21 yanvar kuni Rossiyaning yangi hukumatini tasdiqladi, deya, xorijiy OAVga asoslanib xabar beryapti Tarjumon.
Unga ko`ra, bir qancha katta yoshdagi amaldorlar o`z lavozimida qolgan bo`lsa, yana bir nechta davlat organlarida rahbarlarning o`zgarishi sodir bo`ldi.
53 yoshli Mixail Mishustin yangi bosh vazir etib tayinlandi.
Vladimir Vladimirovich 2013 yildan beri iqtisodiy masalalar bo`yicha prezident maslahatchisi Andrey Belousovni bosh vazirining birinchi o`rinbosari etib tayinladi.
Ushbu lavozimda 2018 yilning mayidan beri Anton Siluanov faoliyat olib borgan. Shuningdek, sobiq viloyat hokimi Maksim Reshetnikov mamlakatning yangi iqtisodiyot vaziri etib tasdiqlangan.
Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov, energetika vaziri Aleksandr Novak, qishloq xo`jaligi vaziri Dmitriy Patrushev, mudofaa vaziri Sergey Shoygu va tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o`z lavozimlarida qolishgan.