1

Olmaota aeroportida koronavirusdan zararlangan "bemor" kutib olindi (foto)

Dunyo 25.01.2020, 20:59
Teglar: koronavirus, samolyot
Olmaota aeroportida koronavirusdan zararlangan "bemor" kutib olindi (foto)

Xitoyda yangi turdagi koronavirus infeksiyasi epidemiyasi avj olishi munosabati bilan Qozog`istonda ham sanitar xavfsizlik chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.  Jumladan aeroportda Xitoydan uchib kelgan samolyotdagi “bemor”ni kutib olishga qaratilgan o`quv-mashg`uloti o`tkazildi. Bu haqda Informburo.kz. sayti reportaj berdi.

Xo`sh, aeroport xizmatchilari va tibbiyot xodimlari tayyorgarlikni tekshirish uchun berilgan xavf signaliga javoban qanday harakat qilishdi? 

Hozirda Olmaota xalqaro aeroportiga Xitoydan kuniga 2-3 ta samolyot kelib qo`nmoqda. Bir haftada aviakompaniya 18 ta reysni amalga oshiradi. Qozog`istondan 4 aviakompaniya: Air Astana, Scat, Hainan Airlines, China Southern, Airlines samolyotlari har ikkala tomonga parvozni amalga oshiradi.

2020 yilning 1 yanvaridan buyon Qozog`istonga Xitoydan 7863 passajir kelgan va 4365 kishi uchib ketgan.

Xitoyda yangi koronavirus turidan zararlangan va vafot etgan bemorlar soni jadal ortib bormoqda. Hatto boshqa mamlakatlarda ham Xitoyga kelib, bu kasallikni yuqtirib ketgan fuqarolar qayd etilmoqda.

Shu sababdan Olmaota aeroportida favqulodda holatlarga tayyorgarlikni sinash uchun o`quv-mashg`uloti tashkil qilindi. 

Aytish kerakki bunday vaziyatda samolyot ekipaji, aeroport xizmatchilari, tibbiyot xodimlari, sayyohlar va jamoat transporti haydovchilari infeksiyadan zararlanish bo`yicha xavf guruhiga kiradi.

   Mashg`ulot qanday o`tdi?

O`quv mashg`ulotini Transportda tovar va xizmatlar xavfsizligi sifatini nazorat qilish departamenti Olmaota aeroporti Sanitar-karantin punkti bilan hamkorlikda amalga oshirdi. Ssenariy bo`yicha dispetcherga Xitoydan kelib qo`ngan samolyot bortida koronavirusdan zararlangan bemor borligi ma`lum qilindi. Uning harorati balandligi, yo`tal tutayotgani va ahvoli yomonligi aytildi. Bu vaqtda samolyot bortida yana 150 nafar yo`lovchi va 8 nafar ekipaj a`zosi ham bor edi. 

Maxsus avtotransport xizmati samolyotni sanitar qo`nish maydonchasiga kuzatib keldi. Polisiya terminaldan kirish va chiqish joylarida tayyor turdi. Chegara va bojxona nazorati to`xtatildi. Samolyot bortiga maxsus himoya kiyimidagi sanitar-karantin nazorati mutaxassislari va aeroport tibbiyot xodimlari chiqishdi. Ular qo`l teplovizori bilan barcha passajirlarning tana haroratini o`lchab ko`rdi. Shu vaqtning o`zida yukxonalarni tekshirib qandaydir xasharot yoki kemiruvchi yo`qligiga ishonch hosil qilishdi. 

Shundan keyin trap orqali yo`lovchilarni samolyotdan avtobusga, so`ngra qo`nish zaliga olib kelishdi. 

Aerodromda ularning hujjatlari portativ uskuna yordamida tekshirildi. Shubhali buyumlar bilan xizmatchilar o`rtasida bevosita kontaktning oldini olish uchun shunday qilindi.

Bortga odamlarni ko`rikdan o`tkazib, oxirgi tashxisni qo`yuvchi shifokor chiqdi. U bir bemorga koronavirusga taxmin bor deya tashxis qo`ydi. Bemor kapsulada Olmaota shifoxonasiga olib borildi. 

Bu vaqtda aeroportda va havo kemasida yakuniy dezinfeksiya ishlari olib borildi.

Yo`lovchilar to`liq ko`rikdan o`tkazilgandan so`ng qo`nish zalida ularning pasportlari tekshirildi. Shundan so`ng yo`lovchilarga o`z salomatligini kuzatib borish, agarda kasallikning ilk alomatlari paydo bo`lguday bo`lsa, shu zahotiyoq shifokorga murojaat qilishlari tayinlandi.

Ma`lumot uchun: 25 yanvar holatiga ko`ra Xitoyda 2019-nCoV koronavirusdan vafot etgan bemorlar soni 27 nafarni tashkil etmoqda. Infeksiyadan zararlanganlar soni 900 nafardan oshib ketdi. Virus paydo bo`lgan 11 million aholiga ega Uxan shahri karantin qilinib yopilgan. Barcha transport turlari, shu jumladan aeroport va temir yo`l vokzallari faoliyati ham to`xtatilgan.

Darvoqe, ayni vaqtda Xitoyda 98 nafar qozog`istonlik talaba qolgan.

Xitoyning 10 ta shahrida jiddiy karantin chora-tadbirlari ko`rilmoqda. 

Koronavirusdan zararlangan bemorlar AQShda, Taylandda, Gonkongda, Avstraliyada va boshqa mamlakatlarda ham qayd etilgan.

Manzura Bekjonova tayyorladi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1