Taraz shahar sudi (Qozog`iston) o`quvchi qizni zo`rlagan erkakni 25 yil muddatga qamoqqa hukm qildi va u majburiy kimyoviy kastrasiya qilinadi (ya`ni bichiladi). Bu haqda Prosess.uz xabar qildi.
Ismi sharifi oshkor qilinmayotgan 38 yoshli erkak «Voyaga etmaganlarga nisbatan jinsiy xarakterda zo`rlik qilish» va «Voyaga etmaganni zo`rlash» moddalari bo`yicha aybdor deb topildi.
Sud qaroriga ko`ra xukm qilingan erkak jabrdiyda tomonga besh million tenge (13 ming dollarga yaqin) to`lashi kerak. Hukm hozircha qonuniy kuchga kirmadi.
Jambul viloyat jinoiy ishlar bo`yicha tumanlararo ixtisoslashtirilgan sud ishni yanvar oyi o`rtalarida ko`rib chiqishni boshladi. Jabrdiyda bo`lmish o`quvchi qizning voyaga etmagani inobatga olingan holda, sud jarayoni yopiq rejimda bo`lib o`tdi.
O`tgan yilning noyabr oyi o`rtalarida maktab hududidagi hojatxonada 12 yoshli o`quvchi qizga zo`ravonlik uyushtirilgani borasida OAVda xabar tarqatilan edi. Ettinchi sinf o`quvchisini zo`rlaganlikda gumon qilingan 38 yoshli shaxs ushlandi va SIZO ga joylashtirildi. Xabarlarga ko`ra, maktab hududiga o`rnatilgan videokuzatuv kameralarida u aks etgan.
Hodisadan so`ng Taraz shahar hokimi o`zgardi, viloyat ta`lim boshqarmasi va tuman ta`lim bo`limi rahbarlari mansabidan chetlashtirildi, Hodisa yuz bergan maktab direktori, o`rinbosari, o`qituvchi va maktab vaxtyori ishdan olindi.
Jambil viloyat hokimi Asqar Mirzaxmetovga xayfsan berildi. Jamiyatda maktablarning xavfsizligini ta`minlash va maishiy sharoitlarini yaxshilanishi bilan bog`liq masala muhokama qilindi. Rasmiylarning ma`lumotiga qaraganda, 2019 yil so`nggida etti mingta maktabning ikki yarim mingtasida hojatxonalar tashqarida ekanligi aniqlangan.
Ma`lumot uchun: Qozog`istonda jinsiy xarakterdagi zo`ravonlik va boshqa xatti-harakatlar uchun jazo keskinlashtirilgan. jumladan, bachchavozlarni kimyoviy kastrasiya qilish to`g`risidagi qonun 2018 yilda kuchga kirgan.






