2017 yil Yangi yil kechasi Istanbuldagi Reina tungi klubida terakt sodir etgan O`zbekiston fuqarosi Abduqodir Masharipov ishi bo`yicha sud jarayoni poyoniga etmoqda, deya yozdi "kun.uz".
27 yanvardagi sud majlisida Turkiya prokurori so`z olib, teraktga aloqadorlarga jazo muddatlari berilishini talab qildi. Jumladan, prokuror bosh gumonlanuvchi Abduqodir Masharipovga 40 ta umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosi berilishini so`radi.
Shuningdek, ushbu ish bo`yicha o`tayotgan yana bir gumonlanuvchi, teraktlar sodir etishga chaqirgan va ularni amalga oshirishda ko`mak ko`rsatgan Ilyos Mamasharipovga 632 yillik ozodlikdan mahrum etish jazosi so`raldi.
Turkiya prokurori, shuningdek, Abduqodir Masharipovning ikki xotini - Zarina Masharipova va Traora Tenaga 7,5 va 15 yillik qamoq jazolari berilishini so`radi.
Shu bilan birga, prokuror ushbu jinoiy ish doirasida hibsga olingan 11 gumonlanuvchini ularga nisbatan isbotlar yo`qligi va qisman oqlanganlari sababli oqlanishini so`ragan.
Guvohlarning teraktni aynan Abduqodir Masharipov sodir etganiga ishora qiluvchi ko`rsatmalariga qaramay, gumonlanuvchi o`z aybini tan olishdan bosh tortgan va terakt joyida tasodifan bo`lib qolganini ta`kidlagan.
Turkiya ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, ushbu ish bo`yicha keyingi sud majlisi 23 mart kuni bo`lib o`tadi va unda barcha aybdorlarga yakuniy hukm chiqariladi.
Eslatib o`tamiz, 2017 yil 1 yanvarga o`tar kechasi Istanbuldagi Reina tungi klubida Yangi yil nishonlanishi vaqtida qurollangan erkak otishma sodir etgan. Terakt oqibatida 39 kishi, jumladan 12 nafar turkiyalik va 27 nafar xorijlik halok bo`lgan, 69 kishi jarohat olgan. Ushbu terakt uchun javobgarlikni IShID o`z zimmasiga olgan. Teraktni sodir etishda gumon qilinib 1988 yilda tug`ilgan o`zbekistonlik Abduqodir Masharipov qo`lga olingan.






