1

Adliya vazirligi: Paxta va g`allaga davlat buyurtmasi bekor bo`lishi – bu nega muhim?

Jamiyat 30.01.2020, 18:43
Adliya vazirligi: Paxta va g`allaga davlat buyurtmasi bekor bo`lishi – bu nega muhim?

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning Oliy Majlisga murojaatida davlatimiz rivoji uchun o`ta muhim g`oyalar va islohotlar ilgari surildi. Barchasi tegishli sohalarning oldinga qarab dadil qadam qo`yishiga zamin yaratadi, ularning kompleks tarzda hayotga tatbiq etilishi esa davlatimizni uzoq muddatli barqaror rivojlanishga sabab bo`lishi shubhasiz.

Shular ichida O`zbekistonning oxirgi asrlardagi iqtisodiy-ijtimoiy voqealigi, kerak bo`lsa, xalqining taqdiriga katta ta`sir qilib kelgan qishloq xo`jaligi sohasidagi revolyusion yangilik xalqqa e`lon qilindiki, bu murojaatda tilga olingan eng e`tiborli va qadrli mavzulardan ekanligini e`tirof etish zarur. Ya`ni paxta va g`alla uchun davlat buyurtmasini bekor qilish qarori kulminasion va strategik ahamiyatga ega yangilikdir.

 Bu nega muhim?

 Nima uchun bu shunchalik muhim degan savol tug`ilishi tabiiy. Qisqacha aytganda, paxta va g`alla uchun davlat buyurtmasining bekor bo`lishi fermerlar faoliyatida tubdan o`zgarish keltirib chiqaradi, ularning o`z erlarida faoliyat yuritish erkinligiga turtki beradi, raqobat o`sadi, ya`ni manfaat kuchayadi, bu esa o`z navbatida qishloq xo`jaligida unumdorlikning oshishiga olib keladi.

 Prezidentimiz ham paxta va g`alla xalqimizning kosasi oqarishiga olib kelmaganini ko`p marotaba ta`kidlab kelmoqdalar: “Afsuski paxta bizni boqmadi” deyildi Davlat rahbari nutqida. Shu bois so`nggi paytlarda mazkur sohadagi liberal islohotlar dadil amalga oshirilmoqda, shu sababli ushbu qarorni murojaatdagi eng muhim yangilik, desak mubolag`a bo`lmaydi.

Qishloq xo`jaligi, xohlaymizmi-yo`qmi, boshqa barcha sohalarning faoliyatiga, kerak bo`lsa, ushbu sohalarning rivojlanish istiqbollariga, hattoki, taqdiriga ta`sir qilib kelmoqda. Jumladan, agrar sohadagi mavjud munosabatlar davlatdagi qonun ustuvorligini ta`minlashga, shartnomaviy munosabatlarning rivojlanishiga, moddiy resurslarning taqsimlanish prinsiplariga, davlatdagi narx siyosati yuritilishiga, ma`muriy islohotlarga (ya`ni qaysi organ aslida qaysi funksiyalarni bajarishi kerak), korporativ boshqaruv tizimiga yoki bank-moliya sohasining ishlash prinsiplariga, umuman, bozor iqtisodiyotining qaror topishiga, qishloq hududlarining rivojlanishiga ta`sir qiladi. 

Chunki bu sohaning real ishlashini ta`minlash uchun safarbar etiladigan kuchlar yuqoridagi sohalar bilan yaqindan hamkorlik qiladi va o`z-o`zidan ularni o`z ta`siri ostiga oladi.

 Shuni e`tiborga olib, qishloq xo`jaligidagi engilliklar boshqa sohalardagi mavjud qoidalar, prinsiplar, munosabatlarning ham rivojlanishiga olib keladi, deyish mumkin. Paxta va g`allaga davlat buyurtmasining bekor bo`lishi esa buyurtmachining bu sohaga aralashuvini kamaytiradi. Bu borada safarbar etib kelingan resurslar maqsadga muvofiq taqsimlanadi: xususan, hokimliklarga boshqa muhim strategik vazifalari, ayniqsa, bugungi kunda eng dolzarb bo`lgan ijtimoiy soha bilan shug`ullanish imkoniyati yaratiladi.

 Rivojlanish omillari

 Kun tartibida qishloq xo`jaligiga yangi texnologiyalar, innovasiyalar kiritish juda dolzarb masala sifatida ko`ndalang qo`yilyapti, investisiyalar, raqobatbardosh mahsulotlar, mehnat unumdorligini oshirish bo`yicha choralar ko`rilyapti.

Bu ulkan transformasiya jarayonini amalga oshirish uchun qishloq xo`jaligida qanday sharoit va muhit bo`lishi lozim, degan haqli savol tug`iladi, albatta.

Umuman olganda, har qanday sohada bo`lgani kabi, qishloq xo`jaligi sohasining rivojlanishiga katta turtki bo`luvchi omillar mavjud bo`lib, ular ichida eng muhim va fundamentallaridan biri – bu mulkka, mulkiy huquqlarga bo`lgan munosabat va sharoitdir.

   Tarixga nazar solib, qishloq xo`jaligi sohasida ulkan yutuqlarga erishgan yoki xatolarga yo`l qo`ygan mamlakatlar tajribasini o`rgansak, ushbu eng bazaviy qoida, ya`ni erga bo`lgan huquqlarning himoyalanganligi darajasi, qayta-qayta markaziy omil sifatida gavdalanaveradi.

Bu erda gap erga nisbatan xususiy mulkchilik munosabati to`g`risida ketmayapti, balki har qanday huquqning kafolati, ya`ni shu huquqni beruvchi tomonidan "o`yin qoidalari" ga rioya etilishi, qoidalarning tez-tez o`zgarishiga yo`l qo`yilmasligi, ya`ni barqarorligi, eng xavflisi esa, ushbu huquqlardan judo etmaslik istiqbollaridir. Bu borada ob`ektiv nuqtai nazardan xavf-xatar qancha baland bo`lsa, jozibadorlik shuncha kam bo`laveradi.

 Bu albatta yangilik emas, barcha sohada xuddi shu bazaviy tamoyillar hukmron. Lekin aynan yuqoridagi kabi barqaror munosabatning mavjud bo`lishi erga, demakki, qishloq xo`jaligiga investisiya ob`ekti sifatida qaralishiga olib keladi.

 Ya`ni, investor/fermer/tadbirkor o`z istiqbolini oldindan rejalashtirib, manfaatini hisob-kitob qilib, mulkiy ob`ektlaridan eng maqbul tarzda foydalanish yo`llarini izlaydi, er haqida qayg`uradi, tuproq unumdorligini o`ylaydi. Qo`shimcha raqobat muhitining mavjud bo`lishi esa, ularni o`z harakatlarini ko`p marotabaamalga oshirishga majbur qiladi.

Er huquqlari va uni himoya qilish institutlari uchun muhim omil sifatida, birinchi navbatda, xavfsizlik turadi.Aynan shu tuyg`u, ya`ni xavfsizlik darajasi mulkdor yoki er foydalanuvchisining erga nisbatan qanday qarorlar qabul qilishiga bevosita ta`sir qiladi:investisiya kiritadimi yoki yo`q, uni asrab avaylaydimi yoki yo`qmi? Shuning uchun ham, birinchilardan erga bo`lgan huquqlar davlatlar tomonidan rasmiy ro`yxatdan o`tuvchi huquqlar ichida shakllana boshlagan va tegishlicha himoyalangan. Ayrim davlatlarda esa, masalan Germaniyada an`anaviy ravishda sudlar tomonidan erga bo`lgan huquqlar ro`yxatga olib kelingan (hozir ham shunday). Erga nisbatan huquq eng ko`p qadrga-qiymatga ega huquq bo`lgani uchun ham, sudlar uning himoyasiga otlangan.

Yoki aksincha, har tomonlama ob`ektiv faoliyat yurituvchi, er huquqlari himoyasini qat`iy ravishda ta`minlay oladigan tizimning, ya`ni davlat institutlarining mavjud bo`lmasligi, er munosabatlarida tartibsizlikka olib kelishi mumkin. Bu masalada qonunlarda kafolatlar belgilangan bo`lib, ular amaliyotda tatbiq etilmasa ham, xuddi shunday salbiy oqibatlar yuz beradi (Uganda, Meksika).

Er bu davlatning va xalqning eng qimmatbaho aktivi, ya`ni xazinasidagi boyligi hisoblanadi. Undan maksimal darajada samarali foydalanish esa eng katta maqsaddir. Agar sizning qandaydir qimmatbaho shaxsiy mulkingiz bo`lsa, albatta, uning bahosini bozor qiymatida belgilaysiz, shunga yarasha foyda ko`rishni xohlaysiz, 100 so`mlik shaxsiy mulkingizni 10 so`mga berib qo`ymaysiz.

Moziyga qarab ish tutmoq xayrlidir, deb Abdulla Qodiriy juda to`g`ri ta`kidlagan.

Mashhur olimlar tahlillariga yoki umuman tarixiy evolyusiyaga e`tibor beriladigan bo`lsa, ayrim davlatlarning er huquqlariga munosabatlari qishloq xo`jaligidagi unumdorlikka to`g`ridan to`g`ri ta`sir qilib kelgan.

Rossiya imperiyasida Stolipinning er islohotlariga qarasak, 1861 yilda krepostnoy huquqi bekor bo`lganidan keyin, 1906 yilda erga egalik qilish huquqi berila boshlanishi mehnat unumdorligining oshishiga olib kelgan. Afsus, yaqin tarixdan bilamizki, bo`lib o`tgan revolyusiyalar va keyinchalik Sovet Ittifoqida yuz bergan teskari jarayonlar, ya`ni majburiy kollektivlashtirish siyosati qishloq xo`jaligiga katta ta`sir qildi. Xuddi shunday siyosat Jazoir, Chili, GDR, Mozambik, Nikaragua, Peru davlatlarida yuz berib, o`xshash salbiy natijalarni qayd qilgan.

Xitoyda esa mashhur Den Syaopin o`z islohotlarini aynan agrar sohadan boshlab, erlarni taqsimlab, fermerlarga mustaqillik berishi oqibatida, Xitoyning qishloq xo`jaligi unumdorligi birdan oshishni boshlagan.

 Ikkinchi jahon urushidan keyin Boliviya, Hindiston, Efiopiya, Eron, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tayvanda erlarning ijarachilarga taqsimlanib berilishi unumdorlikning keskin oshishiga olib kelgan. Bunda muhim jihat bu erlarning taqsimlanishida tenglikka rioya qilinishidir. 1960–2000 yillardagi monitoringlar shuni ko`rsatdiki, qaysi davlatlarda er taqsimlanishida tenglik prinsipiga amal qilinsa (ozchilik qo`lida ko`p er konsentrasiyasi yuz bermasa), o`sha mamlakatda YaIMning yuqori o`sish sur`atlari qayd etiladi. Bu mashhur Gini indeksi bo`yicha hisoblanganda ham, yaqqol ko`zga tashlanadi.

Aksincha, davlatning narx shakllanishidagi aralashuvi qanday natijalarga olib kelishini quyidagi misolda ham ko`rish mumkin. Sierra Leonda kakao va kofe narxlari tez o`zgarib turardi, xususan, bir hosildan ikkinchisiga qarab narxlar o`rtasida farq juda sezilarli bo`lardi. Bu, tabiiyki, fermerlarning daromadiga o`z ta`sirini ko`rsatar edi.

1949 yilda fermerlarni qo`llab-quvvatlash uchun Bozor kengashi degan tuzilma tashkil etiladi. Kengash narxlar arzon bo`lib qolgan vaqtda fermerlardan mahsulotni qimmatroq, narxlar qimmat bo`lib ketsa, arzonroq sotib olish orqali keskin narx o`zgarishini barqaror boshqarib borishi kerak edi.

G`oya yaxshi, faqat real hayotda bu teskari natijaga olib keldi. Bozor kengashi faoliyati va ma`murchiligi uchun mablag`lar kerak edi. Bu mablag`lar albatta fermerlar hisobidan olinardi. Shunday ekan, asosiy vazifani bajarish uchun ma`lum bir hosilda fermerlarga bozor narxlardan sal kamroq pul to`lana boshlandi. “Sal kamroq” tushunchasi esa yillar davomida kattalashib boraverdi. Sierra Leone 1961 yilda o`z mustaqilligiga erishgandan keyin ham bu tizim saqlanib qoldi. Natijada 60-yillarda, mardonavor bozor kengashi kakao fermerlariga mahsulotning bozor narxidan 48 foizini, kofe mahsulotining 49 foizini to`lab bergan bo`lsa, 1985 yillarga kelib bu ko`rsatkich tegishlicha 19 va 27 foizga tushib ketdi.

Tabiiyki, bozor kengashining narx siyosati yillar davomida fermerlarning er uchastkalariga qiziqishini, ularga ishlov berish, mineral o`g`itlantirish, er unumdorligini saqlash, umuman olganda, investisiya kiritish xohishini so`ndirib kelgan. Chunki fermerlar bundan hech qanday manfaat ko`rmagan.

Davlatlar har xil, millatlar, urf-odatlar va dunyoqarash turlicha bo`lishi mumkin. Lekin fundamental qoidalar barcha jabhalarda bir xil natija beradi. Xususan, qishloq xo`jaligidagi asosiy rivojlanish omillarining negizida samarali va shaffof, tenglikni ta`minlovchi institutlarning ishlashi, mulkiy huquqlarning himoyalanishi, ertangi kunni rejalashtira olish imkoniyati, asossiz o`z huquqlaridan mahrum bo`lish xatarlarining yo`qligi yotadi. Agar birontasi ishlamasa, butun bir mexanizm, ya`ni tizim yoki soha ishlamaydi. Erdan foydalanuvchida rag`bat va manfaat bo`lmasa, bironta formula samara bermaydi.

Shunday ekan, paxta va g`alla uchun davlat buyurtmasining bekor bo`lishi ham aynan qishloq xo`jaligi ishlab chiqaruvchilarining o`z erlaridan o`zlari xohlaganicha foydalana olishi, bozor kon`yunkturasidan kelib chiqib ekinlarni joylashtirishi va narxlarni shakllantirishini taqozo etadi. Erlarga bo`lgan huquqlar himoyasining yanada kuchaytirilishi esa qishloq xo`jaligidagi unumdorlik va rivojlanishni juda yuqori darajaga ko`tarishi aniq. Ushbu qadam qishloq xo`jaligida O`zbekiston tarixida yangi davr boshlanganidan dalolat beradi.

Kuni kecha qabul qilingan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4575-son qarori murojaatda belgilangan vazifalarning ijrosiga jiddiy kirishilganligini anglatadi. Qishloq xo`jaligini rivojlantirishning 10 yillik strategiyasini 2020 yilda amalga oshirish chora-tadbirlarini ko`zda tutuvchi mazkur qarorda bu borada aniq mexanizmlar ko`zda tutilgan.
 

Adliya vazirligi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1