1

“Shunchaki mehnat daftarchasini to`ldirib yurganlar ishdan ketadi” — Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov sohaga islohotlar kerakligini aytdi

Madaniyat 05.02.2020, 00:23
“Shunchaki mehnat daftarchasini to`ldirib yurganlar ishdan ketadi” — Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov sohaga islohotlar kerakligini aytdi

4 fevral kuni Madaniyat vazirligida vazir Ozodbek Nazarbekovning jurnalistlar bilan uchrashuvi tashkil etildi. “Hamkorlik vaksinasi” deb nomlangan ushbu uchrashuvda madaniyat vaziri sohadagi muammolarni o`rtaga tashlash va hal etishda jurnalistlar va blogerlarni hamkorlikka chaqirdi va sohani rivojlantirishda taklif berishlarini so`radi. Bu haqda “Darakchi” muxbiri Munisa Alieva xabar berdi.

Ozodbek Nazarbekov uchrashuvda madaniyat sohasi islohotga muhtoj ekani haqida gapirdi:

— Madaniyat sohasi boshqa sohalarga qaraganda islohotga muhtoj. Shu sababli jurnalist va blogerlarni hamkorlikka chaqirmoqchimanki, sohadagi muammolarni, islohotlarni birgalikda amalga oshiraylik. Chunki men ham sohani ikir-chikirigacha bilaman, deb aytolmayman. Soha bir yoqlama emas, u rang-barang, turli yo`nalishlarga bo`linadi. Jamiyatning dunyoqarashi bilan to`qnash keladigan soha bu. Va bunda albatta, fidoyi insonlar ishlashi kerak.

Nima uchun islohotga muhtojmiz? Jamiyatga “madaniyatingni tuzat” deb ayta olishimiz uchun avvalo, soha vakillari madaniyatli bo`lishi kerak. Har bir xodimimiz buni his qilib ishlashi, jamiyat ham madaniyat xodimi aslida qanday bo`lishi kerakligini eslatib turishi, talablarini stolimiz ustiga qo`yishi zarur. Tabiiyki, bunga chidaganlar qoladi, chidamaganlar bu maydonni tark etadi. O`shanda rivojlanish bo`ladi. Sohada shunchaki mehnat daftarchasini to`ldirib yurgan odamlar ishdan ketadi. Ularning o`rnini bosadigan haqiqiy mutaxassislar keladi.

"Darakchi"

Eslatib o`tamiz, Ozodbek Nazarbekov joriy yilning 22 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan O`zbekiston madaniyat vaziri lavozimiga ma`qullangan, 24 yanvar kuni esa Prezident tomonidan tasdiqlangan edi. U bungacha madaniyat vazirining birinchi o`rinbosari edi.

Avvalgi madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev Prezident tomonidan yangi shakllantirilgan Senatning a`zosi etib tayinlandi — u endi parlament yuqori palatasida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasiga raislik qiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1