Milliy raqs san`atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori qabul qilindi.
Hujjat bilan O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida “Mukarrama Turg`unboeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli” faoliyatini tashkil etish to`g`risidagi taklifi ma`qullandi.
Davlat raqs ansamblining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
O`zbekistonda raqs san`atini yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijodiy maktablarga xos an`analarni, mohir baletmeysterlar, balet artistlari merosini tiklash;
milliy raqs san`atining mumtoz va zamonaviy ijro namunalari “oltin fondi”ni yaratish;
xalqimiz, xususan, yosh avlodni milliy raqs san`ati haqidagi nazariy va amaliy bilimlar bilan keng tanishtirish orqali ularning qalbi va ongida milliy o`zlikni anglash, ajdodlar merosiga hurmat tuyg`usini, yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish;
raqs va xoreografiya san`ati sohasida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etishda ishtirok etish, iste`dodli yosh baletmeysterlarning samarali faoliyat ko`rsatishi uchun sharoitlar yaratish;
milliy raqs va xoreografiya san`ati sohasida olib borilayotgan ilmiy izlanishlarning natijalari asosida zamonaviy raqs kompozisiyalarini sahnalashtirish;
milliy raqs san`atini mamlakatimizda va xorijiy davlatlarda keng targ`ib qilish maqsadida Davlat raqs ansamblining milliy hamda jahon xalqlari raqslaridan iborat dasturlari asosidagi gastrol-konsert faoliyatini yo`lga qo`yish.
Shuningdek, qarorga ko`ra, Davlat raqs ansambli qonun hujjatlari talablariga rioya qilgan holda, konsert-tomosha faoliyatini tegishli lisenziya olmasdan, shuningdek, O`zbekiston Respublikasida konsert-tomosha tadbirlarini bir martalik ruxsatnoma olmasdan amalga oshirish huquqiga ega hisoblanadi.
2020 yilda Madaniyat vazirligi ansamblga respublika byudjetidan ajratiladigan mablag`lar hisobidan 1 ta engil avtotransport vositasi uchun mablag` ajratadi.
Shuningdek, byudjetdan tashqari mablag`lar hisobidan 2 ta avtobus va 1 ta yuk avtotransport vositasini xarid qilish hamda saqlash uchun limit belgilandi.
10 kun muddatda Davlat raqs ansamblini joylashtirish uchun bino ajratilishi belgilandi.






