Muqaddam bir necha marotaba sudlangan, vaqtincha ishsiz 52 yoshli andijonlik sudlanuvchi xavfli residivist bo`la turib, o`zganing mulkini osongina qo`lga kiritish payiga tushadi...
Maqsadini amalga oshirish uchun bir qizga o`zini “Vazirlar Mahkamasi kadrlar bo`limi boshlig`iman”, deb tanishtiradi. “Mijoz”iga Toshkent agrar universiteti Andijon filialiga o`qishga kirishi uchun 200 dollar (1.716.900 so`m) va 400.000 so`m evaziga imtiyozli ball olib berishini va`da qiladi.
2019 yil 16 iyul soat 11:40larda Toshkentdagi avtoturargohda qizdan pullarni olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Jinoiy harakatlarini o`ziga bog`liq bo`lmagan holatda oxiriga etkaza olmagan.
O`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas ekan. Sudlanuvchi eski “hunari”ni xuddi o`sha “ssenariy” asosida davom ettiradi. Bu gal bir ayolning o`g`lini Farg`ona Davlat universitetining Iqtisodiyot fakultetiga o`qishga kirishi uchun 200 dollar (1.716.900 so`m) evaziga imtiyozli ball olib berishini va`da qiladi. 16 iyul soat 15:30 larda Qo`qon-Toshkent yo`nalishi bo`yicha qatnaydigan fuqarodan ayol berib yuborgan 200 dollarni olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
“ASLIDA HECh QAERDA IShLAMAYMAN”
Sudda sudlanuvchi aybiga qisman iqror bo`ldi...
— 2019 yil iyulda odamlarni aldab pul olish maqsadida, Qo`qon shahar hokimligiga qo`ng`iroq qildim. Telefonga javob bergan mas`ul xodimga o`zimni Vazirlar Mahkamasi kadrlar bo`limi boshlig`i, deb tanishtirdim. Hokimning raqamini olib, u bilan bog`landim. Unga ham o`zimni yuqoridagi kabi tanishtirdim. Suhbat vaqtida tadbirkor ayollarni qo`llab-quvvatlash uchun nomzodlar kerakligini aytdim. U ishlari va tadbirlari ko`pligini aytib, yordamchisining telefon raqamini berdi. Unga ham qo`ng`iroq qilib, gaplarimni takrorladim va o`zimning telefon raqamimni qoldirdim.
Shundan so`ng menga shaxsi keyinchalik ma`lum bo`lgan bir qiz qo`ng`iroq qildi. Raqamimni hokimlikdan berishganini aytdi. Qizga o`zimni Vazirlar Mahkamasi kadrlar bo`limi boshlig`i, deb tanishtirdim. Uning nomzodini taqdirlash uchun berishimni, buning uchun partiyaga a`zo bo`lishi va oliy ma`lumotli bo`lishi kerakligini aytdim. Qiz o`rta-maxsus ma`lumotli bo`lgani uchun uni Toshkent agrar universiteti Andijon filialiga o`qishga kirishi uchun pul evaziga imtiyozli ball olib berishni va`da qildim. 16 iyulda u bilan uchrashdik. Pullarni olgan vaqtimda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan ushlandim.
Bundan tashqari, yuqorida hokimlikka qo`ng`iroq qilganimdan so`ng, menga shaxsi keyinchalik ma`lum bo`lgan ayol qo`ng`iroq qildi.
— O`g`limni o`qishga kiritish niyatidaman, — dedi.
Unga ham o`zimni kimligimni aytdim. Ayoldan ham o`g`lini universi- tetga o`qishga kirishi va`dasi bilan 200 dollar undirdim. Qo`qon-Toshkent yo`nalishi bo`yicha qatnaydigan fuqarodan ayol berib yuborgan pulni olganimda qo`lga tushdim.
Aslida hech qaerda ishlamayman va yuqori mansabda ishlaydigan tanishlarim bo`lmagan. Shunchaki aldov usuli sifatida foydalanganman. Pulga muhtoj bo`lib qolganim sabab, shu ishlarga qo`l urdim. Qilmishimdan chin ko`ngildan pushaymonman.
Sudlanuvchi aybiga qisman iqror bo`lsa-da, uning aybi o`z isbotini to`liq topgan.
“SUDLANUVChIGA AXLOQ TUZATISh IShLARI JAZOSI TAYINLANDI”
Abdulla ABDULXAEV, jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Shayxontohur tuman sudi sudyasi:
— Sudlanuvchi JK 25,168-moddasi 3-qismining “b” bandi bilan aybdor deb topildi. JKning 62-moddasiga asosan sudlanuvchining 2019 yil 17 iyuldan 2019 yil 5 noyabrga qadar dastlabki qamoqda saqlangan har bir kunini axloq tuzatish ishlari jazosining uch kuniga tenglashtirib hisoblab, uzil-kesil o`tash uchun ish haqining 30 foizi miqdorini davlat daromadiga undirib qolgan holda 1 yilu 6 oy 27 kun muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Xulosa o`rnida:
Ushbu qilmish tafsilotlaridan xulosa shuki, fuqarolarning huquqiy savod xonligini oshirish borasida tegishli vazirlik, tashkilotlar, OAVda turli targ`ibottashviqot ishlari amalga oshirib kelinyapti. Boisi ko`pincha bunday ko`ngilsiz hodisalar jabrdiydalari aynan huquqiy savodxonligi etarli bo`lmagan fuqarolar hisoblanishadi. Ammo ushbu sahifadagi qilmish jabr diydalari zimmasida ma`lum bir vazifa va mas`uliyat bo`lgan mahalliy hokimlik vakillaridir. Nahotki ular hamkorlik yoki homiylik maqsadi bilan, boz ustiga, Vazirlar Mahkamasi nomidan murojaat qilayotgan shaxsning kimligiga aniqlik kiritmasdanoq barcha imkoniyatlarga eshik ochib berishsa. Afsuski, voqea tafsiloti bu achchiq haqiqatning isboti va firibgar tuzog`iga tushganlar oddiy fuqarolar bo`lmagani bois, na kulishni, na kuyishni bil maydi odam. To`g`ri, jinoyat izi fosh bo`ldi va jazo tayinlandi. Ammo soxta firibgarlar xavfli residivist ham bo`lishi mumkin ediku...
Sadoqat ALLABERGANOVA, jurnalist