Rossiya hukumati 2009 yilda Sankt-Peterburgdagi polisiya bo`linmasida qiynoqqa solingan o`zbekistonlik muhojirga 25 ming evro to`lab beradi. 4 fevral kuni Strasburgdagi Inson huquqlari bo`yicha Evropa sudi shunday qaror qabul qildi, deya yozdi “kun.uz”.
Rossiya huquq-tartibot idoralarida Mo`min Sultonovning Rossiya polisiyasiga nisbatan shikoyatlari to`rt marta rad etilgan.
«Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish to`g`risidagi konvensiyaning 3-moddasi moddiy-huquqiy bazani buzdi. Sud qaroriga ko`ra, Sultonov polisiya hibsxonasida qiynoqqa solingan, hukumat esa shikoyatlar bo`yicha samarali tergov o`tkazmagan», - deyiladi hujjatda.
Sud qaroriga binoan, Rossiya hukumati qaror qabul qilinganidan keyin uch oy ichida 25000 evroni to`liq to`lab berishi kerak. Hujjatga muvofiq, Rossiya hukumati belgilangan muddatni buzgan taqdirda O`zbekistonga jarima to`laydi.
1977 yilda Samarqandda tug`ilgan Mo`min Sultonov 2009 yil 3 sentyabr kuni Sankt-Peterburg polisiyasi tomonidan o`g`irlikda gumonlanib qo`lga olingan. Sankt-Peterburg shahrining Frunze IIB 47-polisiya bo`limiga olib borilgan Sultonovdan sodir etilgan jinoyatni o`z bo`yniga olishni talab qilishgan.
Rad javobi olgach, milisiya xodimlari muhojirni o`lasi qilib kaltaklashgan hamda elektr toki bilan qiynoqqa solishgan. Keyinchalik Mo`min Sultonovning qo`llari, bo`yni, tizzalari va tanasining boshqa qismlarida jarohatlar mavjudligi Sankt-Peterburgdagi 109-sonli kasalxonada qayd etilgan. Immigrantning chap ko`zi kaltakdan shishib ketgan.
2010 yil 31 martdan 2011 yil 24 yanvargacha tergov idoralari Mo`min Sultonovga polisiyaga qarshi jinoiy ish qo`zg`ash bo`yicha to`rt marta rad javobi berishdi.
Samarqandlik mehnat muhojirining ishi 2019 yil may oyida Evropa sudiga yuborilgan.
Rossiyalik advokatlar sudda o`zbekistonlik muhojirni Rossiyada mavjud bo`lgan barcha huquqiy himoya vositalaridan foydalanmaganlik hamda Inson huquqlari bo`yicha konvensiya qoidalarini buzishda ayblamoqchi bo`lishdi. Xususan, Rossiya hukumati himoyachilarining so`zlariga ko`ra, Sultonov jinoiy ish qo`zg`atish rad etilganidan keyin Rossiya sudlariga murojaat qilmagan.
Evropa sudi himoyaning e`tirozlarini inobatga olmadi va «jinoyat ishi qo`zg`atishni to`rt marta rad etish sudga borishga ehtiyoj ham qoldirmaganini» ta`kidladi.






