O`zbekiston Respublikasi Prezidentining maxsus qarori bilan Irmatov Ravshan Sayfiddinovich jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o`rinbosari, Shukurov Elbek Habibullaevich esa jismoniy tarbiya va sport vazirining o`rinbosari etib tayinlandi.
Ma`lumot uchun: Ravshan Irmatov – 1977 yil 9 avgustda Toshkent shahrida tug`ilgan. 1995-1999 yillarda O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti (hozirgi O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti)da tahsil olgan. R.Irmatov o`zining mehnat faoliyatini Respublika oliy sport futbol maktabida murabbiy sifatida boshlab, keyinchalik “Chig`atoy” futbol oliy sport mahorati maktabi murabbiyi, O`zbekiston futbol federasiyasi xalqaro markazi murabbiyi, 2004-2010 yillarda esa futbol bo`yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi murabbiyi, 2010 yildan O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti “Futbol nazariyasi va uslubiyati” kafedrasi katta o`qituvchisi, 2019 yildan hozirga qadar O`zbekiston futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti lavozimlarida ishlagan.
Ravshan Sayfiddinovichning mamlakat futboli rivoji yo`lidagi ulkan xizmatlari hukumatimiz tomonidan munosib e`tirof etilgan holda 2010 yilda “O`zbekiston iftixori” faxriy unvoni, 2014 yilda “El-yurt hurmati” ordeni, 2015 yilda esa “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari bilan taqdirlangan.
Ravshan Irmatov bir vaqtning o`zida O`zbekiston futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti sifatida faoliyat olib boradi.






