AsosiyJamiyat

O`zbek tilida bexato va tez yozish imkoniyatlarini sinovchi yangi “TezYoz” sayti ishga tushirildi

'O`zbek tilida bexato va tez yozish imkoniyatlarini sinovchi yangi “TezYoz” sayti ishga tushirildi'ning rasmi

O`zbek tilida bexato va tez yozish imkoniyatlarini sinovchi onlayn bellashuv va tanlovlarni o`z ichiga olgan yangi “TezYoz” sayti ishga tushirildi.

Bugungi kunga kelib, O`zbekiston aholisi 34 million kishidan oshdi. Butun dunyoda esa 50 milliondan ortiq kishi o`zbek tilida muloqot qilib kelmoqda. Hozirda yurtimiz aholisining katta qismi - 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Mamlakatimizda kirill va lotin yozuvlaridan birini tanlash necha yillik muammo bo`lib qolmoqda. Bu esa o`z navbatida ham kirill, ham lotin yozuvida imlo qoidalarining qo`pol buzilish holatlarini keltirib chiqardi. Jahon reytinglarida savodxonlik darajasi borasida olqishlanadigan yurtda (maktab ta`limiga oid ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekiston aholisining 90%dan yuqori qismi savodxon deya tan olingan) esa asl vaziyat tubdan farq qiladi - internet va kundalik muloqot jarayonida o`zbek tili qoidalariga deyarli e`tibor berilmaydi.

Mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Yoshlarga oid 5 tashabbusi doirasida O`zbekiston yoshlar ittifoqi hamda O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi tomonidan yangi “TezYoz” loyihasi ishga tushirildi. 2020 yilning 8 fevral kunidan boshlab nafaqat yoshlar, balki o`zbek tilida muloqot qiluvchilarning barchasi mazkur platformaning qulayliklaridan unumli foydanish imkoniyatiga ega bo`ldi. Yoshlar endi sh, ch va o` harflarini w, 4 va 6 tarzida yozmasliklari mumkin.

Ushbu sayt har bir foydalanuvchining o`zbek tilida bexato va tez yozish imkoniyatlarini sinovdan o`tkazadi. Jarayonning o`yinga moslashtirilgani (geymifikatsiyalangani) keng auditoriya, asosan, maktab o`quvchilari orasida tez vaqt oralig`ida ommalashishini ta`minlaydi.

Sinov rejimi

“TezYoz” saytining bosh sahifasida sayt imkoniyatlari keltirib o`tilgan. Foydalanuvchilar “Sinov rejimi”1ni tanlab, ma`lum vaqt chegarasi davomida to`g`ridan-to`g`ri matn (matnlar biror asardan parcha yoki yakka so`zlardan iborat bo`lishi mumkin) yozib ko`rishlari mumkin. Matnda so`zlar to`g`ri yoki noto`g`ri yozilayotgani, vaqt sarfi ko`rinib turadi.

Belgilangan vaqt oxiriga etgach, foydalanuvchi ushbu soniyalar davomida to`liq matndan nechta so`z yozgani, ularning qay biri to`g`ri yoki noto`g`ri ekanligi ma`lum bo`ladi. Tezlik o`ziga xos - so`z/vaqt o`lchovida aniqlanadi.

Onlayn bellashuv

Saytda boshqa foydalanuvchilar bilan ham o`zaro bellashish mumkin. Kimning qaysi o`rinda ekanligi real vaqt davomida ko`rinib turadi. Natijalar (to`g`ri va noto`g`ri so`zlar, tezlik) esa o`yin so`ngida e`lon qilinadi.

Tanlovlar

“TezYoz” platformasida tanlovlar ham tashkil etiladi. Ularda saytda ro`yxatdan o`tgan foydalanuvchilar qatnasha oladilar. Tanlov ishtirokchisi sinov rejimidagi kabi matn yozib, keyingi urinishlarda ham o`z tezligini yaxshilab borishi mumkin.

Yuqori o`rindagi ishtirokchilarning ro`yxati natijalarga qarab, yangilanib turadi va barcha uchun ochiq bo`ladi. Tanlov muddati tugagach, ro`yxat peshqadami e‘lon qilinadi va taqdirlanadi (tanlovlar mukofoti e`lon qilib boriladi).

Ilk tanlov Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kunlari oralig`ida tashkil etilishi rejalashtirilgan. O`zbekiston yoshlar ittifoqi jamoasi “TezYoz” patformasi orqali aholi va yoshlar orasida o`zbek tilida bexato yozishni o`ziga xos harakatga aylantirish va natijada davlat tilining nufuzini oshirish, uning sofligini saqlashni yangi bosqichga ko`tarishni o`z maqsadlaridan biri sifatida ilgari surmoqda.

    Boshqa yangiliklar