Mamlakatimiz Shimoli-g`arbiy sarhadlarini ishonchli himoya qilish, Qoraqalpog`iston Respublikasi hamda Xorazm viloyati aholisining tinchligi, osoyishtaligi va xavfsizligini ta`minlashga o`zining munosib hissasini qo`shib kelayotgan Shimoli-g`arbiy harbiy okrug o`zining 21 yoshini qarshi oldi. Bu haqda "Darakchi.uz"ga Shimoli-g`arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.
Shu munosabat bilan Nukus garnizoni Ma`naviyat va ma`rifat markazida o`tkazilgan bayram tantanasida so`zga chiqqanlar harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligini tantana bilan tabriklab, fidoyi, yurtsevar, mehnatkash harbiy xizmatchilarga Vatan himoyasi yo`lidagi mashaqqatli xizmatlarida ulkan zafarlar tiladi.
Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Dilshod Choriev harbiy xizmatchilarga yo`llagan bayram tabrigida, jumladan: “Harbiy okrugimiz va uning shaxsiy tarkibi o`tgan yillar davomida katta yutuqlarga erishdi hamda Prezidentimiz, xalqimiz oldida hurmat va e`tiborga sazovor bo`ldi. Mana shunday yuksak muvaffaqiyatlarga erishishda siz kabi fidoyi va sadoqatli insonlarning o`rni beqiyos”, deya ta`kidladi.
Darvoqe, O`zbekiston Qurolli Kuchlarini isloh qilish, mamlakat mudofaa salohiyatini yuksaltirish davomida 1999 yil 10 fevral kuni tashkil etilgan Shimoli-g`arbiy harbiy okrug bugungi kunda yurtimizning shimoli-g`arbiy sarhadlarini himoya qilishda ishonchli qalqon vazifasini o`tamoqda. Bugun harbiy okrug xalqimiz va armiya o`rtasidagi rishtalarni mustahkamlash, armiya va xalq yakdilligini ta`minlashda ham muhim o`rinni egallab kelmoqda. Bu borada aholining keng qatlamlari va ayniqsa yoshlar bilan ishlash, ular o`rtasida vatanparvarlikni targ`ib etishda okrug qo`shinlari o`zining munosib ulushiga ega bo`lmoqda.
Tantana munosabati bilan Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengashi rahbariyati nomidan kengash qo`mita raisi Dovud Qurboniyozov harbiy okrug va harbiy xizmatchilarni samimiy muborakbod etdi.
Bir guruh harbiy xizmatchilar va ishchi-xizmatchilar, shuningdek, harbiy okrugda oldin xizmat qilib ketgan Qurolli Kuchlar faxriylari davlat mukofotlari, O`zbekiston mudofaa vazirining “Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari uchun” va “Namunali xizmati uchun” kabi ko`krak nishonlari, “Vatan himoyasi – mardlar kasbi” yozuvi hamda Mudofaa vazirligi ramzlari tushurilgan esdalik sovg`alar, harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonligining faxriy yorliqlari bilan tantanali ravishda taqdirlandi. Shuningdek, bir qator harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar berildi.
O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati tashabbusi bilan aralash tarkibdagi harbiy qism muddatli harbiy xizmatchilari o`rtasida 2019 yildan o`tkazilishi an`anaga aylangan “Eng ilg`or mutaxassis” ko`rik-tanlovining bu yilgi final bosqichida munosib ishtirok etgan hamda harbiy okrug sharafini himoya qilgan bir guruh askarlarga tashakkurnoma va qimmatbaho sovg`alar topshirildi.
Bayram munosabati bilan tashkil etilgan konsert dasturi davomida Qoraqalpog`istonning ijodiy jamoalari hamda okrug harbiy orkestrining chiqishlari yig`ilganlarning qalbini xush kayfiyat bilan to`ldirdi.






