Joriy yil 1 fevraldan o`z vazifasiga kirishgan JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge birinchi xorijga rasmiy tashrifini O`zbekistondan boshlamoqda. Bu esa yurtimizda tibbiyot yo`nalishida erishilayotgan yutuqlarning yana bir e`tirofi bo`ldi. Xans Klyugening bugun yurtimizga kelishi kutilmoqda.
Ta`kidlash joizki, u sog`liqni saqlash sohasida 24 yildan buyon faoliyat ko`rsatib keladi. U o`z faoliyatini Belgiyada oilaviy shifokor sifatida boshlagan. So`ngra Somali va Liberiyada “Chegara bilmas shifokorlar” bilan ishlagan. X.Klyuge Rossiyadagi jazoni ijro etish tizimida sil kasalligiga qarshi keng ko`lamli dasturlarda faol ishtirok etgan. Doktor Klyuge JSSTning Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqaviy byurosida sil, OITS va bezgakka qarshi kurash dasturlarini ham nazorat qildi. So`nggi o`n yil davomida esa JSSTning Evropa mintaqaviy idorasida ishlab, bu erda sog`liqni saqlash tizimidagi katta o`zgarishlarda faol ishtirok etgan.
Tashrif davomida O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi va JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi o`rtasida 2020-2021 yillarga mo`ljallangan ikki yillik hamkorlik shartnomasi imzolanishi rejalashtirilmoqda. Shuningdek, mehmon bir qator tibbiyot muassasalari va ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari faoliyati bilan ham tanishishi rejalashtirilgan.
Eslatib o`tamiz, o`tgan yilning may oyida Jenevada bo`lib o`tgan Jahon sog`liqni saqlash assambleyasining 72-sessiyasida O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov JSSTning Evropa mintaqasi bo`yicha vise-prezidenti etib saylangan edi.






