Uch pog`onali transport echimi poytaxtimizning o`ziga xos “tashrif qog`ozi”ga aylanadi. Ayni paytda Toshkent shahrining eng katta chorrahalaridan biri bo`lgan Ohangaron va Parkent hamda Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko`chalarini bog`lovchi yangi transport echimi qurilishi jadal davom ettirilmoqda. Bu haqda “O`zbekiston temir yo`llari” AJ axborot-tahliliy media markazi xabar berdi.
Poytaxtimizning o`ziga xos “tashrif qog`ozi”ga aylanishi kutilayotgan ushbu ob`ekt bitishini ko`pchilik katta qiziqish bilan kutyapti. Albatta, buning o`ziga xos sabablari bor. Gap shundaki, qurilishi 2018 yilning may oyida boshlangan mazkur loyiha mamlakatimizdagi dastlabki uch pog`onalik transport echimi hisoblanadi. Yana bir e`tiborli tomoni shuki, uning atrofida birorta ham svetoforlar bo`lmaydi.
Avtomobillar barcha yo`nalishda to`xtovsiz harakatni davom ettirishi tufayli tirbandliklarning oldi olinadi. Ushbu transport echimi “Ko`prikqurilishloyiha” UK hamda “Boshtransloyiha” AJ mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan bo`lib, unga ko`ra Ohangaron va Parkent ko`chalari umumiy uzunligi 502 metr bo`lgan tunnel uslubidagi yo`l o`tkazgich bilan bog`lanadi. Tunnelning kengligi 26,7 metr, ko`prik osti balandligi esa 5,5 metrni tashkil etadi.
Loyihaning ikkinchi pog`onasida 2 ta yo`l o`tkazgich barpo etilishi bilan umumiy diametri 329, 2 metrli xalqasimon yo`l harakati tashkil etilmoqda. Uchinchi pog`onasi esa Maxtumquli va Sharqiy aeroport ko`chalarini bog`lovchi umumiy uzunligi 593 metr, kengligi 26 metr bo`lgan yo`l o`tkazgichdir. Uning 411 metri estakada, 182 metri esa tayanch devorli qismdan iborat.
Mazkur bunyodkorlik ishlari “O`zbekiston temir yo`llari” AJ tarkibidagi “Ko`prikqurilish tresti” UK tomonidan olib borilmoqda. Bugungi kungacha bunyodkorlik yumushlarining 90 foizidan ortig`i bajarildi. Bugungi kunga kelib uchala pog`onada ham beton yotqizish ishlari tugatilgan bo`lib, er osti va estakada yo`nalishining ikki tomoniga piyodalar yo`laklari qurildi va bordyurlar o`rnatilib chiqildi.
Ayni paytda loyihaning uchinchi pog`onasidagi piyodalar yuradigan yo`laklardagi beton to`siqlarga ko`rkam metall konstruksiyalari o`rnatilib, asfalt bilan qoplanmoqda. Shuningdek, elektr energiyasi tarmoqlari ham tortilib, yoritish tizimi uskunalarini o`rnatishga tayyorgarlik jarayoni boshlab yuborildi. Mazkur yo`l o`tkazgich bitgach, tirbandliklar oldi olinib, o`tkazish imkoniyati soatiga 21 mingtaga etadi.
Hozirda qurilishda 100 nafardan ortiq ishchi-xodimlar mehnat qilayotgan bo`lib, 50 ga yaqin zamonaviy texnikalar jalb etilgan. Ahamiyatga molik yana bir tomon, zarur temir-beton materiallari trestga qarashli ishlab chiqarish korxonalari (poligonlari)da tayyorlanayotgani ishga unum bag`ishlamoqda. Mutaxassislarning aytishicha, tez orada loyihadan o`rin olgan barcha qurilish ishlari yakunlanib, uch pog`onali transport echimi foydalanishga topshirilishi rejalashtirilmoqda.






