O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan 2020 yilning 10 fevral kuni olingan rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, Xitoy Xalq Respublikasida jami 40235 nafar, dunyo bo`yicha 40553 nafar fuqarolar yangi koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bo`lib, kunlik o`sish 8,0 foizni (2987 nafar) tashkil etmoqda. 909 nafar fuqaro ushbu kasallikdan vafot etgan. Kasallik Xitoy Xalq Respublikasidan tashqari dunyoning 25ta davlatida 318 nafar fuqarolarda qayd etildi.
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik agentligi virusologiya laboratoriyasida joriy yilning yanvar oyidan boshlab 10 fevral kunigacha 812ta namunalar koronavirus infeksiyasiga tekshirilib, ushbu namunalarda koronavirus infeksiyasi topilmadi.
I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga joriy yilning 9 fevral kuni xorijiy davlatlardan 31ta samolyot qabul qilinib, 3829 nafar fuqarolar, “O`zbekiston temir yo`llari” AJ markaziy sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6ta sanitariya-karantin punktidan 4ta poezdda jami 563 nafar fuqarolar, Davlat chegara kesishish punktlaridagi sanitariya-karantin punktlar orqali 34550 nafar fuqarolar termometriyadan o`tkazildi.
2020 yil 10 fevral kunigacha Xitoy Xalq Respublikasida bo`lib qaytgan 3447 nafar fuqarolarimiz tibbiy ko`rikdan o`tkazildi. Ulardan 2676 nafarida kasallikni yashirin davri (14 kun) yakunlangani va tibbiy ko`rik davomida hech qanday koronavirus infeksiyasi belgilari aniqlanmaganligi bois tibbiy kuzatuv ishlari yakunlandi. Bugungi kunda 771 nafar fuqarolar 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olindi.
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining koronavirusga qarshi markaziy shtabi shuni ma`lum qiladiki, joriy yilning 10 fevral holatiga ko`ra, O`zbekiston Respublikasida koronavirus kasalligi qayd etilmadi.
Bu kasallikni Respublika hududiga kirib kelishi va tarqalishini oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi tomonidan nazoratga olingan, deya ma`lum qildi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish shtabi.






