AsosiyJamiyat

“Valentin kuni“ – behayolik tantanasi

'“Valentin kuni“ – behayolik tantanasi'ning rasmi

Erkak va ayol, yigit va qiz o`rtasidagi munosabatlar yaqin-yaqingacha o`ta nozik masala sanalib kelgan. Unashtirilgan yigit-qizlar to to`y o`tmaguncha quda tomon vakillaridan o`zlarini olib qochishi, momolarimiz hurmat yuzasidan o`z tan-mahramlarini bosh farzand ismi bilan chaqirishi, bobolarimiz nomahramlar oldida hatto ayolining ismini tilga olmagani ham ana shunday go`zal qadriyatlar sirasiga kirgan. Etti-yot begonalar oldida quchoqlashib, muhabbat izhor qilish, to`ylarda hammaning oldida g`arbona raqs tushish, “love story”larini ko`z-ko`z etishlar haqida-ku gap ham bo`lishi mumkin emasdi.

Albatta, G`arbning ham o`ziga xos betakror madaniyati, san`ati, falsafasi bor va ularga hurmat bilan yondashishga haqlimiz. Shu bilan birga, G`arbning har qanday taomilini ko`r-ko`rona qabul qilish, ularni amalda qo`llash o`z milliy mentalitetimizga ochiq-oshkor hurmatsizlik namoyishi ekanini ham tushunamiz. Biroq, afsuski, aholi, ayniqsa, yoshlarimiz hali-hamon g`arb “an`analari”ga ko`r-ko`rona ergashayotgani har birimizni tashvishga soladi.

14 fevral qanday kun?

Ana shunday illatlardan biri bu shubhasiz 14 fevralning “Avliyo Valentin kuni” yoki oddiygina aytsak “Sevishganlar kuni” sifatida nishonlanishidir. To`g`ri, bugun dunyoning ko`pgina mamlakatlarida bu kun rasman bo`lmasa-da, yoshlar tomonidan ommaviy tarzda bayram qilinadi. Bunday “tantana” yurtimizga ham kecha yoki bugun kirib kelgani yo`q. Bir paytlar turli radio va telekanallarimiz, ko`ngilochar nashrlar sahifalarida bu kun munosabati bilan turli jo`shqin tabriklaru, “sevgi hikoyalari”, dil izhorining antiqa ko`rinishlari targ`ibiga zo`r berilgani ham sir emas.

Muayyan chora-tadbirlar tufayli bunday “kampaniya”ning “shovqini” bosilgandek. Ammo, yoshlarimiz bu kunni butunlay “unutib” yuborgani yo`q. Ayni shu “ayyom” arafasida bozor va rastalar, do`konlarida “Sevishganlar kuni” timsollarini aks ettiruvchi turli hadyalar, otkritkalar, o`yinchoqlar savdosi avj oladi. Gul sotuvchilarining “ketmoni uchadi”. Kafe va restoranlar “ishq ahli”ning tashrifidan “obod” bo`ladi. Hatto unashtirilgan bo`lg`usi “kelin-kuyov”larning aynan shu kuni uchrashishlari, bir-biriga sovg`a jo`natishlari odatiy tus olgan.

Ayrim “uchar” tadbirkor shoumenlar “Sevishganlar kuni”ga bag`ishlangan bayram dasturlarini “Zahiriddin Muhammad Boburning tavalludi” bilan niqoblashga ham urinishadi. Tabiiyki, bunday “kechalar”da Bobur Mirzoning nomi nari borsa bir-ikki marta tilga olinadi, xolos. San`atimiz “yulduzlari” esa, azaliy mavzudagi qo`shiqlari bilan juft-juft bo`lib tashrif buyurgan tadbir mehmonlarini xushnud etishadi. Bu nima? Buyuk sarkarda va shoir bobomiz ruhini tahqirlash emasmi? Savol tug`iladi: nega o`sha “fidoyi”lar 9 fevral – Hazrat Navoiyning yoki 9 aprel – Sohibqiron Amir Temurning tavalludiga bag`ishlangan ma`rifiy tadbirlar o`tkazishmaydi? Javobi o`zingizga ma`lum.

O`ylab ko`raylik: muhabbat atalmish pokiza, ilohiy tuyg`uning allaqanday soxta bayramlaru bachkana “urf-odatlar”, yaltiroq suvenirlar bilan o`lchanishi uning qadr-qimmatini tushirib yubormayaptimi? Bugun “sevishganlar kuni”da andishayu or-nomusni unutib, bir-biriga bo`lgan otashin “sevgisi”ni olamga yoyishga urinayotgan oshiq-ma`shuqlar bir necha oy, hafta va hatto sanoqli kunlardan so`ng bir-biridan bezib, boshqa “ermak” izlashga tushishi ham bor gap-ku?

Avliyo Valentinning “karomati”

Keling, bu haqdagi mulohazalarni davom ettirishdan avval yoshlarimizning “taqvimi”dan o`rin olgan ushbu “bayram”ning tarixiga bir ko`z tashlasak. Xo`sh, “Avliyo Valentin” deganlari kim o`zi? “Ul zoti sharif” nima “karomat ko`rsatganlar?”

Ma`lumotlarga ko`ra, miloddan avvalgi uchinchi asrda Qadimgi Rimda yosh bolalar o`limi juda ko`payib ketadi. Tug`ilish darajasi keskin pasayadi. Bu esa hukumatni tashvishga soladi. Eramizdan avvalgi 276 yilda bir kohin tug`ilish darajasini oshirish uchun o`ziga xos usulni tavsiya qiladi. Ya`ni erkaklar qadimgi Rim ma`budlariga qurbonlik qilingan jonivorlarning terisidan qamchi yasab qip-yalang`och holda shaharga ko`chalari bo`ylab yuguradilar va duch kelgan ayollarni “ilohiy qamchi” bilan savalaydilar. Bu odat har yilgi an`ana tusini oladi. Keyinchalik erkaklar va ayollar alohida “saylgoh”ga chiqib, yalang`och holatda o`yin-kulgi qilishga, ommaviy fahsh bilan namoyishkorona shug`ullanishga o`tadilar. Hatto Evropaga xristianlik kirib kelganidan keyin ham bu “bayram” davom etaveradi.

Boshqa bir rivoyatga ko`ra, Qadimgi Rim hukmdori Klavdiy jang paytida o`z askarlariga uylanishni man qiladi. Imperatorning harbiy shifokori va ruhoniysi, shahvatparastligi bilan nom qozongan Valentin esa yashirin tarzda askarlarni ayollar bilan ta`minlay boshlaydi. Buni payqab qolgan Klavdiy Valentinni zindonga tashlaydi. Valentin hatto zindonda ham buzuqlik, fahsh, maishat uchun sharoit topa oladi. Imperator uni o`limga hukm etadi. Ruhoniy o`limi oldidan o`z jazmaniga maktub yo`llaydi... Oradan asrlar o`tib, na nasroniylik, na boshqa rasmiy dinga aloqasi bo`lmagan bir kimsaning nomi afsonalarga yo`g`rilib, “Avliyo Valentin” nomini oladi. Shu tariqa u qatl etilgan 14 fevral kuni “sevishganlarning bir-biriga maxsus otkritkalar – “valentinkalar” yo`llash udum bo`lib qolganmish.

Har qanday vaziyatda ham ushbu kunning tarixi fahsh, buzuqlik va itoatsizlikka borib taqaladi. Shu bois, “Avliyo Valentin kuni”ni nishonlashga xristian ruhoniylari ham qarshi chiqishadi. Va o`z-o`zidan ma`lumki, ezgulik, poklik va bag`rikenglik dini bo`lgan Islom ham fahsh, buzuqlik tantanasi keskin qoralaydi.

“Gar vasl muabbad o`lsa ne bok?”

Dasturxon ustida chiroyli ko`katlar bilan bezatilgan taom aslida harom qotgan jonzot go`shtidan tayyorlanganini bilgan xo`randaning ishtahasi bo`g`iladi. “Avliyo Valentin kuni”, “Sevishganlar kuni” singari jarangdor nomlar bilan ataladigan, yoshlarni o`ziga ohanrabodek tortadigan bu “bayram” ham aslida milliy qadriyatlarimizga, muqaddas dinimizga mutlaqo yot illat ekanini, uni “nishonlash” ham tarbiyasizlik, ham shakkoklik ekanini anglagandan keyin-chi? Nahotki, bizning yoshlarimiz allaqanday butparast sharmandalarning yoki shilqim qo`shmachining “ruhini shod” etish uchun mana shunday tomoshalarga bosh qo`shishsa?

Yana moziyga qaytaylik. Pok muhabbat, ilohiy ishq Sharqda ham qadrlangan, tarannum etilgan. Haqiqiy oshiqlar va ma`shuqalar haqida qissalar, dostonlar to`qilgan. Tohir va Zuhra, Farhod va Shirin, Vomiq va Uzro, Gul va Navro`z...

Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiyning o`lmas asarlarida ham, ishq-muhabbat ta`rifida go`zal baytlarni uchratamiz. Ul zot qalamiga mansub “Layli va Majnun” dostonidagi bir lavhani eslang: Ikki sevishgan qalb egasi taqdir taqozosi bilan yarim tunda, sahroda uchrashadilar. Shirin diydor onlarida ularga hatto tabiat ham xalal berishni istamasdi. Ammo, ana shunday damlarda ham ikki yosh biror nojo`ya ishga qo`l urishmaydi, odob, ibo-hayo va andishani unutishmaydi. Chunki ularning pokiza sevgisiga hali ota-ona rizolik bermagan, ularning munosabatlari nikoh rishtasi ila ila bog`lanmagan edi.

Hazrat Navoiy ularning visol damlarini ta`riflay turib:

Har ishki o`tub haloklikdin,

Ayru emas erdi poklikdin,

Ishq ahli bu nav` bo`lsalar pok,

Gar vas muabbad o`lsa ne bok?– deya xulosa qiladilar.

Ya`ni ularning munosabatlari poklikdan ayro emasdi. Agar sevishganlar ham ular singari pokiza bo`lishsa, ularning visoli ham abadiydir.

Ha, ajdodlarimiz ishq-muhabbat bobida ham o`rnak ko`rsatib ketishgan. Shunday ekan, yoshlarimiz ham ma`jusiylarning allaqaysi qo`shmachi “avliyosi”dan emas, milliy adabiyotimizning gultoji sanalgan o`lmas asarlardan ibrat olishsa nur ustiga nur bo`lardi.

    Boshqa yangiliklar