AsosiyJamiyat

JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi direktori xorijga rasmiy tashrifini mamlakatimizdan boshladi

'JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi direktori xorijga rasmiy tashrifini mamlakatimizdan boshladi'ning rasmi

O`tgan yil sentyabr oyida Daniyaning Kopengagen shahrida Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Evropa mintaqaviy qo`mitasining 69-sessiyasida JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi direktoriligiga saylangan va joriy yil fevraldan o`z vazifasiga kirishgan Xans Klyuge birinchi xorijga rasmiy tashrifini mamlakatimizdan boshladi.

Sog`liqni saqlash vazirligida bo`lib o`tgan brifingda Xans Klyuge O`zbekiston yuqumli bo`lmagan kasalliklarga qarshi kurashda Markaziy Osiyoning etakchi davlatlaridan biri ekani, ushbu yo`nalishda davlat siyosati darajasida muhim qadamlarni tashlanayotganiga alohida e`tibor qaratdi. Shuningdek, u O`zbekistonda avval ham bo`lganini, jumladan, 20 yil avval Qoraqalpog`iston Respublikasida sil kasalligiga qarshi kurash yo`nalishida faoliyat olib borganini qayd etib o`tdi.

Shu o`rinda ta`kidlash joizki, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan nufuzli muassasasi bo`lib, uning tarkibiga 194 ta a`zo davlatlar kiradi. Tashkilotning asosiy vazifasi dunyo aholisining sog`liqni saqlash muammolarini hal qilishdan iborat. JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi dunyoning turli hududlarida joylashgan oltita mintaqaviy idoralardan biridir. Ushbu buyurga 53 ta mamlakat, jumladan O`zbekiston ham a`zo bo`lib, Atlantikadan Tinch okeanigacha bo`lgan ulkan hududni qamrab oladi. Sog`liqni saqlashning turli yo`nalishlarida ilmiy va texnik mutaxassislar jamoasidan iborat byuroning bosh shtabi Kopengagenda joylashgan. Uning 29 ta mamlakatda 4 ta filiali va idoralari faoliyat yuritib keladi.

O`zbekistonda JSSTning vakolatxonasi mavjud bo`lib, sog`liqni saqlash tizimiga yaxlit yondashuv asosida barqaror sog`liqni saqlash siyosatini ishlab chiqishda yordam ko`rsatish uning asosiy vazifasi hisoblanadi. Shuningdek, umumiy etakchilikni ta`minlash, mahalliy darajada texnik aloqalarni o`rnatish, standartlarni belgilash va shartnomalar tuzish, inqiroz davrida sog`liqni saqlash tadbirlarini muvofiqlashtirish va amalga oshirish kabi vazifalarni ham qamrab oladi.

Tadbirda, shuningdek, JSST va O`zbekiston sog`liqni saqlashning ko`plab muhim masalalarida yaqindan hamkorlik qilib kelinayotgani ta`kidlandi. Jumladan, Davlatimiz rahbarining 2018 yil 7 dekabrdagi “O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar to`g`risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan 2019 — 2025 yillarda O`zbekiston Respublikasi sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi yaratishda JSST ekspertlarining ulkan yordamini alohida ta`kidlash lozim. Xalqaro ekspertlarning ko`magi tufayli sog`liqni saqlashni moliyalashtirishni yaxshilash, majburiy tibbiy sug`urta va elektron sog`liqni saqlash tizimini joriy etish, sog`lom turmush tarzi va sog`lom ovqatlanishni targ`ib qilish, yuqumli va yuqumli bo`lmagan kasalliklar, salomatlik uchun zararli bo`lgan odatlarga qarshi kurash kabi qator vazifalar bo`yicha samarali choralar ko`rilmoqda.

Joriy yil 24 yanvarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis palatalariga navbatdagi Murojaatnomasida ham Sog`liqni saqlash sohasiga alohida to`xtalib, jumladan, tizimni moliyalashtirishni tubdan isloh qilish maqsadida majburiy tibbiy sug`urtaga oid qonunlarni qabul qilish va uni amalga oshirish bo`yicha barcha tashkiliy choralarni ishlab chiqilib, ushbu tizim joriy yilda Sirdaryo viloyatida tajriba sifatida boshlanishi aytib o`tilgan edi.

Shundan kelib chiqqan holda, JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge tashrifi munosabati bilan o`tkazilgan matbuot brifingida Sirdaryo viloyatida Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ekspertlari ko`magida tibbiy xizmatlarning yangi modellari bo`yicha qo`shma pilot loyihasi boshlanganligi ta`kidlab o`tildi. Loyiha allaqachon yaxshi natijalar ko`rsatayotgani va bosqichma-bosqich butun mamlakat bo`ylab joriy etish rejalashtirilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, JSST va O`zbekiston hamkorlikda umumiy sog`liqni saqlash qamroviga erishish, ya`ni har bir fuqaroning zarur tibbiy xizmatlardan foydalanishini ta`minlashga bo`lgan intilishlari birlashtirilgani yuqori baholandi. Buning uchun, albatta, mamlakatga kuchli sog`liqni saqlash tizimi va birlamchi tibbiy yordam muhim o`rin tutadi. Sirdaryo viloyatidagi tatbiq etilayotgan yuqoridagi loyiha mazkur maqsadga erishish mumkinligini ko`rsatdi. Bundan tashqari, tibbiyotning birlamchi bo`g`inda kadrlar masalalarini hal qilishga ham katta e`tibor berilayotgani e`tirof etilib, busiz sog`liqni saqlash tizimini isloh qilish mumkin emasligi aytib o`tildi.

Press-brifing doirasida O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi va JSSTning Evropa mintaqaviy byurosi o`rtasida 2020-2021 yillarga mo`ljallangan ikki yillik hamkorlik kelishuvi imzolandi. Ushbu hujjat o`zaro maslahatlashuvlar asosida ishlab chiqilgan bo`lib, mustahkam hamkorlik uchun asos bo`lib xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar