Davlat mehnat inspeksiyasi davlat organlarida mehnat qonunchiligiga rioya etilishini tekshiruvdan o`tkazadi. Jumladan, xodimlarning kechki vaqtlarda ushlab qolinishi va dam olish kunlarida ham ishga jalb qilinishi o`rganiladi.
Davlat mehnat inspeksiyasi ish vaqtidan tashqari va dam olish kunlari xodimlarni ishga jalb qilish bo`yicha mehnat qonunlariga rioya etilishini nazorat qiladi. Bu bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanovning buyrug`ida ko`zda tutilgan, deb xabar bermoqda «Gazeta.uz».
Vazirlar Mahkamasi farmoyishi bilan vazirliklar, idoralar va boshqa davlat tashkilotlariga mehnat qonunlari va ishchilarning mehnat huquqlariga qat`iy rioya qilish buyurilgan. 3−4 fevral kunlari davlat organlari ushbu buyruqni bajarish to`g`risida buyruqlar qabul qildilar.
Mehnat vazirligi matbuot xizmatining tushuntirish berishicha, monitoring o`tkazish buyrug`i fuqarolardan mehnat huquqlari buzilayotgani to`g`risidagi ko`plab shikoyatlari kelib tushayotgani sababli qabul qilingan.
«Gazeta.uz» to`rtta boshqa-boshqa vazirliklarda ishlayotgan xodimlar bilan anonimlik sharti bilan suhbatlashdi va tekshiruvlar boshlanganidan keyin vaziyat qanday bo`lganini o`rgandi.
«Shanba kuni ba`zi xodimlar soat 10:00 dan 16:00 gacha ishda bo`lishdi. Meni ham vazirlikka kirishga ruxsat berishdi, lekin ikki-uch soatdan keyin ular Mehnat vazirligi tomonidan bo`lajak tekshiruv tufayli uyga ketishimni aytishdi. Odatda biz ish kunlari 22:00—23:00 gacha ishlaymiz va topshiriqlarni o`z vaqtida bajarish uchun dam olish kunlari ham ishlashimiz kerak. Dushanba kuni bizni soat 18: 00dan keyin ishda ushlab turishadimi yoki yo`qmi, bilib olamiz», — dedi vazirliklardan birining xodimi.
Boshqa bir davlat idorasi vakili: «Bu dam olish kunlari biz ishga bormadik, borganlarni ham kiritishmagan. Odatda ular dam olish kunlari ham ishlashardi, ish kunlari esa yarim tungacha ushlanib qolardi. Bizga: „Topshiriqni tugating, keyin ketaering“, deyishardi. Lekin vazirlikka kelgan topshiriq hech qachon tugamaydi, kuniga 25 soat ishlasangiz ham tugamaydi. Hozir tekshiruvlar sababli uzog`i bilan 20:00 gacha qolayapmiz», — dedi boshqa bir xodim.
«Bizda ham Mehnat kodeksiga rioya qilish to`g`risida buyruq qabul qilindi, — dedi bo`lim boshlig`i lavozimini egallab turgan uchinchi suhbatdosh. — Mening ishchilarim va men dam olish kunlari ish joyiga bormadik, lekin Alisher Navoiy tavallud topgan kun munosabati bilan (9 fevral) bir soatcha masofadan ishladik. Ish vaqti ish yukiga bog`liq. Vazirlar Mahkamasi va Prezident administrasiyasi ko`rsatmalari bor, ular o`z vaqtida bajarilmasa, „bosh ketishi“ mumkin. Bularning hammasi ishlashi uchun (mehnat to`g`risidagi qonun hujjatlari ijrosi — tahr.) real muddatlar belgilanishi va topshiriqlar soni kamaytirilishi kerak. Bizda bitta g`alati narsa bor. Deylik, vazirlikka yiliga 3000 ta vazifa topshirildi. Bir yoki ikkitasi bajarilmasa, xayfsan olasiz. Hech kim 2999 topshiriqni bajarganingizni aytmaydi».
Yana bir suhbatdoshimiz: «Qonunchilikka ko`ra bizda ish kuni bor — 9:00dan 18:00gacha, shanba va yakshanba dam olish kunlari. Ammo hech qachon bunga rioya qilinmaydi — ular yarim tungacha ishlashadi va dam olish kunlari ham ishga chiqishadi. O`tgan shanba va yakshanba kunlari ba`zi xodimlar delegasiya tashrifiga tayyorgarlik ko`rish uchun ishga ketishga majbur bo`lishdi. Ularortig`i bilan ishlashayati, chunki dushanba kuni hisobot topshirishlari kerak. Bunday hajmdagi ish bo`lmasligi kerak, ular ham uyda dam olishlari kerak. Senga topshiriq berishadi, vaqtida ulgurmasligingni bilasan va natijada o`z xohishing bilan dam olish kunlari ishga chiqib, ortig`i bilan ishlab berasan».






