AsosiyJamiyat

Xushnud Xudoyberdiev hammani quvontirgan propiska haqida: “Farmonga imzo qo`yilgani bilan, hali u ijro etiladi, degani emas”

'Xushnud Xudoyberdiev hammani quvontirgan propiska haqida: “Farmonga imzo qo`yilgani bilan, hali u ijro etiladi, degani emas”'ning rasmi

Xabaringiz bor, muhokama uchun qo`yilgan Prezident Farmoniga ko`ra, 2020 yil 1 pareldan boshlab Toshkentda propiska muammosi bekor bo`lishi kutilayapti. Ayni paytda ushbu hujjat loyihasi keng muhokama etilmoqda. Xususan, shu paytga qadar propiska “jumbog`i” bilan doimiy kurashib kelayotgan bloger Xushnud Xudoyberdiev ushbu loyihaga nisbatan “hali quvonishga erta” deya izohlamoqda.

“Propiskaga tish-tirnog`im bilan qarshi bo`lgan inson sifatida Prezident Farmoni loyihasida propiskaga oid bandlar borligidan juda va juda xursandman, albatta.

Garchi pessimist bo`lmasam-da, ammo ushbu yangilikdan hali quvonishga erta ekanligini barchaga eslatib qo`ymoqchiman xolos.

Sababi birinchidan bu hali loyiha.

Ikkinchidan, ushbu loyiha tasdiqlanib, Prezident ushbu Farmonga imzo qo`ygani bilan, hali u ijro etiladi, degani emas. Fikrimni isbotlash uchun yaqin o`tmishdan aniq misol aytaman.

Harakatlar strategiyasi doirasida 2018 yil 22 yanvar kuni PF-5308-sonli Prezident farmoni bilan 2018 yilgi davlat dasturi qabul qilingan edi. O`sha davlat dasturining 56-bandida fuqarolarning konstitusiyaviy huquqlari kafolatlarini ta`minlash maqsadida ikkilamchi bozordan ham propiskasiz uy sotib olishga ruxsat berilsin, degan band bor edi. Garchi ushbu Farmon Prezident tomonidan imzolangan bo`lsa-da, ammo yakunda davlat dasturining ushbu bandi bajarilmadi. Mana oradan 2 yil o`tgan bo`lsa ham, ikkilamchi bozordan propiskasiz uy sotib olishga ruxsat berilmadi.

2020 yilgi dasturga yana shunga oid bandni qo`shish taklif etilmoqda.

Ammo men 2018 yildan farqli o`laroq, bu safar ushbu band bajarilishiga chin dildan ishonaman. Sababi Prezident o`z nutqida propiskani ochiq tanqid qildi. O`tgan safar bunaqa nutq bo`lmagandi. Bizda shunaqa-ku, pastdagi ijrochilar Prezident gaplariga qarab, nimani birlamchi o`rinda ijro qilish kerakligiga mo`ljal olishadi.

Yaxshiyam Prezident propiskani tanqid qilgani, yo`qsa yana yillar davomida bu la`nati tizim amalda bo`lib turarmidi kim bilsin...

Ikkilamchi bozor nima?

Ko`pchilik shu haqida so`ramoqda. Aynan propiska masalasida oladigan bo`lsak, ikkilamchi bozor, bu - qurilganiga 3 yildan oshgan uylar degani. Ya`ni jaydari tilda aytganda eski uylar.

Hozirgi qonunchilik bo`yicha Toshkentdan propiskasiz ham uy sotib olish mumkin, faqat o`sha uy qurilganiga hali 3 yil to`lmagan yangi uylar (novostroyka) bo`lishi kerak. Agar uyning qurilganiga 3 yildan oshib ketgan bo`lsa, unda propiskasiz sotib olish mumkin emas.

Taklif etilayotgan loyiha agar amalga kirsa, unda doimiy propiskasi istalgan hududda bo`lgan fuqarolar Toshkentdan xohlagan uyini sotib olishi mumkin bo`ladi.

Bu yangilik ayniqsa propiskasi yo`qligi tufayli o`zini puliga sotib olgan uyini birovning nomiga (qarindoshi, do`sti, tanishi) rasmiylashtirgan va o`zini uyida o`zi rasman ijrada turgan minglab fuqarolar uchun ayni muddao bo`lar edi. Ular vanihoyat o`z uylarini o`zini nomiga qayta rasmiylashtirib, odamga o`xshab, xotirjam uxlashi mumkin bo`ladi.

Mana shunisi bilan ham ushbu yangilik quvonarli.

P.S.: ushbu yangilikdan so`ng, ma`lum muddat ikkilamchi bozorda uylar narxi oshishi mumkin, ammo bu ko`pga cho`zilmaydi, yana narxlar stabillashadi, demoqda mutaxassislar..."  — dalillarga asoslangan munosabatini e`lon qilgan bloger.

    Boshqa yangiliklar