Joriy yilning 11 fevral kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita tomonidan Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi anjumanlar zalida “Umra safarini tashkil etish va o`tkazish” masalalari bo`yicha OAV vakillari va jurnalistlar uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Matbuot anjumanida Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi, “Uzbekistan airways” rahbariyati va mutasaddi xodimlari hamda jurnalist va OAV vakillari ishtirok etdilar.
Tadbirda mutasaddilar tomonidan Umra safarini tashkil etish va o`tkazish, so`nggi yillarda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan ziyoratchilarimiz uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani va bu jarayon yildan-yilga yaxshilanib borilayotgani haqida batafsil ma`lumot berildi.
Shuningdek, anjumanda Din ishlari bo`yicha qo`mita va O`zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida respublikamiz hududlarida umra navbatlarining sezilarli darajada kamayishiga erishilgani, hozirgi kunda aksariyat viloyatlarda, jumladan, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm, Jizzax, Navoiy va Qoraqalpog`iston Respublikasida joriy navbatlar tugatilgani aytib o`tildi.
Tadbir davomida fuqarolarimizning umra safariga borish istaklarini to`laqonli ta`minlash hamda joriy navbatni tezroq tugatish maqsadida qisqa fursat ichida Toshkent-Madina-Toshkent yo`nalishida qo`shimcha 3-reysni yo`lga qo`yish bo`yicha amaliy sa`y-harakatlar olib borilayotgani alohida ta`kidlandi.
Matbuot anjumanida 2020 yil 1 fevral kunidan e`tiboran, birinchi reys Toshkent-Jidda, ikkinchi reys esa Toshkent-Madina yo`nalishida amalga oshirilayotgani, 3-reys yo`lga qo`yilsa, Toshkent-Jidda yo`nalishida 1 ta, Toshkent-Madina yo`nalishida 2 ta reys amalga oshirilishi ma`lum qilindi.
Shuningdek, tadbirda 2019 yilning 14 noyabr kunidan e`tiboran har kuni bittadan aviareys yo`lga qo`yilgan bo`lsa, 10 dekabr kunidan e`tiboran kunlik aviareyslar soni
2 taga etgani, hozirga qadar jami 38 mingga yaqin fuqaro Umra ziyoratini ado etib qaytgani aytildi.






