Mamlakatimizning Ekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma`lumotga ko`ra 2020-yilning 7-fevral kuni Yujnouralsk – Magnitogorsk trassasida Chelyabinsk viloyati hududida sodir bo`lgan yo`l-transport hodisasida 3 kishi, jumladan O`zbekiston fuqarosi M.R. vafot etdi, hamyurtlarimiz M.N. va A.R. jarohat bilan kasalxonaga yotqizilgan. Bu xaqda TIV ma`lum qildi.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga oldi, jarohatlanganlar va ularning yaqinlari bilan aloqa o`rnatdi. O`zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migrasiyasi masalalari agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumaning jasadini turmush o`rtog`i hamrohligida vatanga jo`natish bilan bog`liq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti YTH munosabati bilan hamdardlik izhor etadi hamda Rossiyaning Ural federal okrugi hududida bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug`ilgan holatlarda mamlakatimizning Ekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o`tadi: +7 343 276 31 66, +7 343 272 31 33.






