AsosiyJamiyat

Din ishlari bo`yicha qo`mita nima sababdan Saudiya Arabistoni O`zbekiston fuqarolariga turizm vizasi bermasligini ma`lum qildi

'Din ishlari bo`yicha qo`mita nima sababdan Saudiya Arabistoni O`zbekiston fuqarolariga turizm vizasi bermasligini ma`lum qildi'ning rasmi

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita hamda O`zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari ishtirokida «Umra safarini tashkil etish va o`tkazish» mavzusida matbuot anjumani bo`lib o`tdi.

Unda so`nggi yillarda davlat rahbari tashabbusi bilan ziyoratchilar uchun yaratilayotgani qulay shart-sharoitlar haqida ma`lumot berildi.

Respublikamiz hududlarida umra navbatlarining sezilarli darajada kamayishiga erishilgani, hozirgi kunda aksariyat viloyatlarda, jumladan, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm, Jizzax, Navoiy va Qoraqalpog`iston Respublikasida joriy navbatlar tugatilgani aytib o`tildi.

Fuqarolarning umra safariga borish istaklarini to`laqonli ta`minlash maqsadida Toshkent-Madina-Toshkent yo`nalishida qo`shimcha 3-reysni yo`lga qo`yish bo`yicha amaliy sa`y-harakatlar olib borilayotgani bildirildi. 2020 yil 1 fevraldan e`tiboran, birinchi reys Toshkent-Jidda, ikkinchi reys esa Toshkent-Madina yo`nalishida amalga oshirilayotgani, 10 mart kunidan boshlab 3-reys yo`lga qo`yilgan taqdirda Toshkent-Jidda yo`nalishida 1 ta, Toshkent-Madina yo`nalishida 2 ta reys amalga oshiriladi.

Matbuot anjumani davomida jurnalistlar tomonidan berilgan savollar asosida viza masalasi ham muhokama qilindi.

Ma`lum bo`lishicha, O`zbekiston musulmonlar idorasi Saudiya Arabistoni podshohligining Toshkentdagi elchixonasiga iltimosnoma kiritib, idora taqdim etgan ro`yxatdan tashqari boshqa fuqarolarga umra vizasi bermaslikni so`ragan.

«Tasavvur qiling, ota-onangiz umraga borish uchun uch yildan beri navbatda turibdi, — dedi idora Xalqaro aloqalar bo`limi mudiri Muhammad Akmalxon Shokirov. — Navbatlari yaqinlashib kelayotganda, bu yoqdan boshqa bir odam elchixonaga kelib, umraga borish istagini bildirmoqda va ketyapti ham. Bu erda adolat mezoni buzilmoqda. Shunaqa holatda nima qilgan bo`lardingiz? Haligi odamni to`xtatib, nega navbatsiz tiqilyapsan, degan savolni berardingiz. Ana shu adolat mezoni buzilmasligining oldini olish maqsadida Saudiya Arabistoni podshohligining O`zbekistondagi elchixonasidan O`zbekiston musulmonlari idorasi taqdim etgan ro`yxatdan tashqari boshqa fuqarolarga, iloji bo`lsa, umra vizasi bermang, deb iltimos qilingan».

OAV vakillari Saudiya Arabistonining mamlakatimizdagi diplomatik vakolatxonalari nega o`zbekistonliklarga turistik viza bermasligini so`radi.

Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi birinchi o`rinbosari Muzaffar Komilovning so`zlariga ko`ra, O`zbekiston Saudiya Arabistoni tomonidan turizm vizasi beriladigan davlatlar ro`yxatiga kiritilmagan. Uning qayd etishicha, turizm vizasi berilmasligi sababini aniqlash maqsadida Saudiya Arabistoni hukumatiga murojaat qilinganda quyidagicha asoslar keltirilgan:

«O`zbekiston fuqarolari turli yo`llar bilan, ya`ni xususiy yo`llar bilan kelganda ular tomonidan juda ko`p huquqbuzarlik holatlari aniqlandi, deb faktlarni berishgan, — dedi Muzaffar Komilov. — Ular: «Biz hozircha turizm vizasinimas, umra vizasini beramiz», deb aytishdi. Xususiy turizm shirkatlari faoliyatlarini olib boryapti, bunga hech qanday to`sqinlik bo`layotgani yo`q». 

    Boshqa yangiliklar