1

Xitoydan qaytgan farg`onalik yigitning jasadi uyining hammomidan topildi

Jamiyat 13.02.2020, 10:53
Xitoydan qaytgan farg`onalik yigitning jasadi uyining hammomidan topildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qo`qon shahridagi Shoshilinch tez tibbiy yordam bo`limiga keltirilgan fuqaro haqida turli xabarlar tarqaldi. Ayni paytda ushbu holat  yuzasidan Qo`qon shahar Bosh Davlat sanitariya vrachining rasmiy bayonoti e`lon qilindi

Keltirilishicha, 2020 yil 5 fevral kuni O`zbekiston tumani Hayotobod qishlog`ida yashovchi, 2000 yilda tug`ilgan Abduqodirov Muhammadbobur Munavvar o`g`li o`zi istiqomat qiladigan uy hamomiga yuvinish uchun kirib ketib, bir necha soat davomida qaytib chiqmagan. Shundan so`ng uning yaqinlari hammom eshigini buzib kirishganida yigit jonsiz holatda yotganligi ma`lum bo`lgan. 

Garchi fuqaro hammomdayoq hayotdan ko`z yumgan bo`lsa-da, yaqinlari uni Qo`qon shahar shoshilinch tez tibbiy yordam bo`limiga olib borishgan. Qabul diagnostika bo`limida reanimatologlar tomonidan jasad zudlik bilan ko`rilganda, biologik o`lim allaqachon sodir bo`lganligi tasdiqlangan. 

Bu haqida darhol huquq-tartibot organlariga xabar berilgan va murda sud tibbiy ekspertizadan o`tkazish uchun Qo`qon shahar sud tibbiy ekspertizasiga yuborilgan. 

Murda dastlabki sud tibbiy tekshiruvidan o`tkazilganida unda is gazidan zaharlanishga xos bo`lgan maxsus spesifik belgilar aniqlangan. 

Ma`lum bo`lishicha, Muhammadbobur Abduqodirov til o`rganish maqsadida 2019 yil 15 noyabrda Xitoy davlatiga borgan bo`lib, 31 yanvar kuni Koreya davlati orqali O`zbekistonga qaytib kelgan. 

U yurtimizga qaytib kelgan kuniyoq O`zbekiston tumanidagi 71-sonli qishloq oilaviy poliklinikasida tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko`rikdan o`tkazilgan va ikki haftalik nazoratga olingan bo`lib,  unda hech qanday kasallik alomatlari aniqlanmagan. Buni Muhammadbobur Abduqodirovning ambulator kartasidagi ma`lumotlar hamda yaqinlari bilan o`tkazilgan suhbat ham tasdiqladi. 

M.Abduqodirovning Xitoy davlatidan kelganligi sababli epidemiologik ko`rsatmaga asosan olingan namunalar Farg`ona viloyati SEOM virusologiya laboratoriyasida tekshirilib, unda gripp, koronavirus «2019-nCov» va boshka virus turlari topilmadi. 

Fuqaroning o`limi dastlabki sud tibbiy ekspertiza xulosalariga ko`ra is gazidan zaharlanish oqibati bo`lib, uni ayni paytda Xitoy davlatida tarqalgan koronavirus xastaligi bilan hech qanday bog`liqlik alomatlari aniqlanmadi. 

Xitoy davlatidan kirib kelgan shahrimiz fuqarolari to`liq tibbiy ko`rikdan o`tkazilib, tana harorati ko`tarilgan, shamollash alomatlari bor va boshqa yuqumli kasallik belgilari mavjud bo`lgan fuqarolar aniqlanmadi. Ular profilaktik maqsadda 14 kunga tibbiy kuzatuvga olingan

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1